Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari qamoqqa olingani aytilmoqda
Jamiyat
−
25 mart 2023 13901 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Afzal Ermatov qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ mazkur ma’lumotga aniqlik kiritish maqsadida Agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov bilan bog‘landi.
Norov bu bo‘yicha ma’lumot bera olmasligini, rahbarining ishdan bo‘shatilgani haqida hech qanday buyruq kelmaganini ma’lum qildi. Shuningdek, Norov Afzal Ermatov ishga kelayotgani haqidagi savolimizni ham ochiq qoldirdi. Biroq boshqa manbalarda Ermatov yanvardan buyon ishga kelmayotgani agentlik tomonidan tasdiqlangani aytilmoqda.
Bundan tashqari, QALAMPIR.UZ Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ham ushbu xabarga oydinlik kiritish maqsadida aloqaga chiqdi. U ham mazkur axborot bo‘yicha hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.
“Prokuratura organlarining ish yurituvida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan bog‘lik jinoyat ishi mavjud emas”, deydi u.
“Asia-Plus” nashriga ko‘ra, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida boshqarma faoliyatini tekshirmoqda.
Nashrga oshkor qilingan tergov hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Joriy yilning 2 yanvar kuni agentlikning kamida uch xodimi, jumladan, agentlik rahbari Afzal Ermatov so‘roqqa chaqirilgan. So‘roq qilinganlarning ayrimlariga nisbatan ehtiyot choralari ko‘rilgani bildirilmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ismi oshkor qilinmagan xodimlaridan birining nashrga aytishicha, 3 yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmati agentlik binolarida tintuv o‘tkazgan.
Xodimning so‘zlariga ko‘ra, boshqarma boshlig‘i Afzal Ermatov 2 yanvardan beri ish joyiga kelmagan, uning hibsga olingani haqida xabarlar bor.
Nashr o‘zidagi ma’lumotlarga asoslanib, xabar berishicha, ushbu jinoiy ishga Janubiy Koreyaga yuborilayotgan migrantlar bilan bog‘liq korrupsion holatlar sabab bo‘lgan.
Xo‘sh, eng korrupsiyalashgan agentlik deya talqin etilgan tashkilot rahbarlarining noqonuniy harakatlari qanday?
Har yili minglab o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga ishlash uchun boradi. Mahalliy kuzatuvchilar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi nazorati ostidagi jarayon juda korrupsiyalashgan va hatto jinoiy javobgarlikka tortilganini aytadi.
O‘zbekiston matbuotida Koreyaga ishga yuborish uchun odamlardan pora olgan shaxslar, bandlik xizmati xodimlariga nisbatan o‘nlab jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan.
Ikki yil avval Oliy Majlis deputatlaridan biri boshqarma rahbarlarini korrupsiyada ayblagan edi.
“Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi eng korrupsiyalashgan idora. Agentlik rahbarlari ham poraxo‘r. Men shu agentlik orqali xorijga chiqayotgan migrantlar haqida gapirmoqchiman. Bu agentlik migrantlarni tark etishdan millionlab pul undirmoqda”, degandi deputat Boymurod Yusupov.
Bu O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga qarshi tergov harakatlarining birinchi holati emas. To‘rt yil avval boshqarma boshliqlari uzoq muddatga qamalgan edi. 2018 yilning noyabr oyida boshqarma boshliqlari yirik miqdorda pora olganlikda ayblanib, qo‘lga olingani xabar qilingan edi.
Ayrim manbalar Migratsiya agentligining 20 ga yaqin xodimi Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketayotgan odamlardan 20 million dollar pora olganlikda gumon qilinganini yozgan edi. Keyinroq Bosh prokuratura bu xabarni tasdiqlagan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq rahbari Ravshan Ibrohimov 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Nazarov ham 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Tashqi migratsiya agentligi orqali Janubiy Koreyaga ishlash uchun kvotalar yiliga 5000 kishini tashkil etadi, Koreyaga borish uchun ariza beruvchilar soni esa 100 mingdan ortiq. Tanlov jarayoni shaffof emasligi abituriyentlar orasida bir necha bor tanqidlarga sabab bo‘lgan.