Ruminiyada ayollarni o‘ldirganlik uchun umrbod qamoq jazosi joriy etildi
Olam
−
27 aprel 1593 2 daqiqa
Ruminiyada ayollarni o‘ldirishga qarshi kurashishga qaratilgan yangi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, bunday jinoyat uchun jazo eng og‘ir choragacha – umrbod qamoqqacha yetishi mumkin. Bu haqda mamlakat Prezidenti Nikusor Dan Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Davlat rahbari ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni “eng kamsituvchi va haqoratli jinoyatlardan biri” deb atagan. Uning ta’kidlashicha, uzoq vaqt davomida bu turdagi zo‘ravonlik yetarlicha e’tiborga olinmagan yoki samarali to‘xtatilmagan, bu esa og‘ir oqibatlarga olib kelgan.
Prezidentga ko‘ra, yangi qonun mamlakatda ayollar va bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur mexanizmlarni yaratadi, profilaktika choralarini kuchaytiradi hamda huquq-tartibot organlariga tezkor aralashish imkonini beradi. Shuningdek, bu hujjat adolat tizimini yanada samarali va insonparvar qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholangan.
Qonun loyihasi 2025 yil oktyabr oyida parlamentga kiritilgan, fevralda Senat, martda esa Deputatlar palatasi tomonidan qabul qilingan. 2026 yil 23 aprel kuni prezident tomonidan imzolangan ushbu hujjat keng qo‘llab-quvvatlangan – uni 270 dan ortiq deputat ma’qullagan.
Yangi tartibga ko‘ra, ayollarni o‘ldirish uchun 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi belgilanadi.
Qonunni kuchaytirish zarurati mamlakatda oilaviy jinoyatlar soni oshgani bilan izohlanadi. Masalan, 2025 yilning sakkiz oyida 33 ta qotillik holati qayd etilgan bo‘lib, ularning 69 foizida qurbonlar ayollar va qizlar bo‘lgan. O‘rtacha hisobda, har oy Ruminiyada uch nafar ayol o‘z yaqinlari tomonidan o‘ldiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish taklif qilingandi.
Live
Barchasi