Urush yo‘nalishi o‘zgardi: Ukraina endi zarba qabul qiluvchi emas, zarba beruvchi tomon

Olam

Reklama
0:00

Rossiya—Ukraina urushi to‘rtinchi yiliga kirgan bir paytda jang maydonida yangi bosqich boshlandi. Agar avvalgi yillarda Ukraina asosan Rossiyaning raketa va dron hujumlarini qaytarishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil yoziga kelib tashabbusning bir qismi Kiyev qo‘liga o‘ta boshladi. Iyun oyining o‘zida Rossiya hududiga yuzlab uzoq masofali dronlar yuborildi, harbiy aerodromlar, neft ob’ektlari va mudofaa sanoati korxonalari nishonga olindi.

Urushning alangalanishi

Joriy yilning 3, 6, 8, 15, 21 va 22 iyunga o‘tar kechalari Rossiya uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Bu kunlarda havo hujumidan mudofaa tizimlari yuzlab dronlarni tutib qolishga majbur bo‘ldi, Moskva va bir qator viloyatlarda aeroportlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Ukraina esa bu hujumlar orqali Rossiyaning harbiy-sanoat salohiyati va logistika tizimini izdan chiqarishga urinayotganini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda har ikki tomon ham zarbalar intensivligini oshiryapti. Natijada front chizig‘idan minglab kilometr uzoqdagi shaharlar ham urush ta’sirini his qila boshladi. Assalomu alaykum, ayni daqiqalarda sovuq urushning eng qaynoq nuqtasiga aylangan Rossiya—Ukraina mojarosidagi so‘nggi vaziyat haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Yuzlab dronlar yomg‘iri

2026 yil 22 iyun tongida, Ukrainaning uch yuzdan ortiq droni Rossiya hududiga zarba berdi. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, dronlar Belgorod, Bryansk, Volgograd, Voronej, Kaluga, Kursk, Rostov, Tambov, Tver, Tula, Smolensk viloyatlari, shuningdek, Moskva viloyati, Krasnodar o‘lkasi, Qrim, Azov va Qora dengizlar uzra urib tushirilgan. Shuningdek, Moskva meri Sergey Sobyanin 22 iyun tongida harbiylar poytaxt yo‘nalishida uchayotgan 59 ta dronni tutib olishganini ma’lum qilgan.

Kaluga viloyati rahbari Vladislav Shapsha Babininskiy, Borovskiy, Jukovskiy, Kirovskiy va Tarusskiy munitsipal okruglari hududlari uzra beshta dron tutib olingani haqida hisobot bergan.

Voronej viloyati gubernatori esa Aleksandr Gusev harbiylar tunda viloyatida 18 ta dronni urib tushirganini ma’lum qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalarni davom ettirish niyatini bildirib, bu strategiyani «urushni Rossiya hududiga qaytarish» deb atadi.

Voronejdagi harbiy zavodga zarbasi berildi

Shu yilning 22 iyun kuni, Ukraina Qurolli kuchlarining Harbiy-havo kuchlari bo‘linmalari Rossiyaning Voronej shahridagi raketa komponentlari ishlab chiqaradigan zavodga zarba berdi. Ukraina harbiylarning bildirishicha, zarba berish uchun yuqori aniqlikdagi qanotli raketalardan foydalanilgan.

Ushbu korxona Rossiya harbiy-sanoat majmuasining o‘ta muhim elementi hisoblanadi. Unda Rossiya raketalari, xususan, “Iskandar” tezkor-taktik raketa majmualari uchun ishlatiladigan elektronika mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, Rossiya korxonasi ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida raketa qurollari va havo mudofaa tizimlari uchun X-101 qanotli raketalari uchun tranzistorli bloklar va matritsalar; “Iskandar-K” majmuasi raketalarining bort hisoblash mashinalari uchun detallar; “Pansir-S1” zenit majmualarining televizion kanallari uchun elektronika qurilmalarini yetkazib berishga mo‘ljallangan bo‘lgan.

“Ushbu zavod mahsulotlaridan dushman to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqori aniqlikdagi boshqariladigan qurollarni ishlab chiqarishda foydalanadi. Rossiya bosqinchilari aynan shu qurollar yordamida Ukraina hududiga zarbalar berib, tinch aholini halok qilmoqda”, deyiladi Ukraina Bosh shtab bayonotida.

Ukrainaliklarning qayd etishicha, zavod quvvatlarining yo‘q qilinishi yangi raketalar ishlab chiqarish imkoniyatini sezilarli darajada yomonlashtiradi.

Diplomatik ogohlantirishlar

Urushning kuchayishi fonida bir nechta G‘arb va Osiyo davlatlari jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining ayrim a’zolari o‘z elchixonalari orqali ogohlantirish bayonotlarini yangiladi. Bunga Ukrainaning uzoq masofali dronlar va raketalar yordamida Rossiya ichkarisiga berayotgan zarbalari ko‘lami kengaygani hamda Rossiya shaharlarida havo mudofaasi tizimlarining yuklamasi ortgani sabab qilib ko‘rsatildi. Fuqarolarga Rossiyaga bormaslik va u yerdagilarga jamoat transporti hamda harbiy ob’ektlar yaqinida yurmaslik tavsiya etildi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing