Tramp Zelenskiyning harakatlarini maqtadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning harakatlariga ijobiy baho berdi. Bu haqda u kecha, 24 iyun kuni Oq uyda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Tramp jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida, urushda har ikki tomondan ko‘plab odamlar halok bo‘layotganini qayd etgan.

“Har holda u bardosh beryapti. Har ikki tomondan ko‘p odamlar halok bo‘lmoqda, ammo menimcha, uning ishlari ancha yaxshi ketmoqda”, degan Tramp.

Tramp bu fikrni jurnalistning “Siz Zelenskiy hozir g‘alaba qozonyapti deb hisoblaysizmi?” degan savoliga javob tariqasida bildirgan.

Ma’lumot uchun, Tramp avvalroq bir necha bor Zelenskiyni tanqid qilgan va uni mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qilishda ayblagan edi.

Shuningdek, matbuot anjumani davomida Tramp Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarini AQSH hamda Isroilning Eronga qarshi siyosati bo‘yicha yetarlicha qo‘llab-quvvatlamayotgani uchun tanqid qilgan.

Uning aytishicha, Vashington Germaniya hukumatidan “hech bo‘lmasa kichik bir minnatdorlik ifodasini” kutgan, ammo bunday munosabatni ko‘rmagan. Tramp AQSH Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida harbiy kontingent saqlash uchun yuzlab million dollar sarflayotganini ham ta’kidlagan.

Avvalroq, Tramp “Katta yettilik” (G7) sammiti doirasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan edi. Ushbu uchrashuvdan keyin u Rossiya Ukraina bilan tinchlik kelishuviga erishishi kerakligini aytgan.

“Men buning uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman”, degan Tramp.

24 iyun kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham xalqqa murojaatida, agar Kiyev G7 doirasida muhokama qilingan yordamni olsa, Rossiyani tinchlikni tanlashga majbur qiladigan sharoitlarni tezda yarata olishini aytgan. Ammo u buning uchun qanday choralar ko‘rilishini aniqlashtirmagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing