Saida Mirziyoyeva Oliy sudning yangi raisini jamoaga tanishtirdi
Jamiyat
−
22 iyun 9263 2 daqiqa
O‘zbekistonda qonunsizlik va korrupsiyaga aslo o‘rin qolmasligi shart. Bu haqda bugun, 22 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Uning ma’lum qilishicha, bugun Oliy sudning yangi raisi Robaxon Mahmudova sudyalar hamjamiyati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga tanishtirilgan.

“Prezidentimiz odamlar uchun eng muhim qadriyatlardan biri – adolat ekanini ko‘p bor ta’kidlaganlar. Jamiyatimizda qonunsizlik va korrupsiyaga aslo o‘rin qolmasligi shart. Zero, rivojlanish va farovonlikka qaratilgan har qanday islohot faqat mustaqil sudning ishonchli himoyasidagina chinakam kuchga ega bo‘ladi”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Uning bildirishicha, hozirda Toshkent xalqaro moliya markazida Angliya huquqiga asoslangan sud tizimi shakllantiryapti. Amaldagi sudlar ham ana shunday yangi tajribalarga ochiq bo‘lishi, dunyoning ilg‘or namunalarini o‘z faoliyatida dadil joriy qilishi juda muhim.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva tizim alohida shaxslarga bog‘lanib qolmasdan, kadrlar almashinuvidan qat’i nazar, soat mexanizmi kabi aniq va uzluksiz ishlashi kerakligini qayd etgan. Shu bilan birga, har bir sudya sharafi va sha’nini yuksak darajada saqlagan holda egnidagi mantiyasiga munosib bo‘lishi lozim.
“Robaxon Anvarovnaga mustahkam iroda hamda doimo oqilona, halol va adolatli qarorlar qabul qilishida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!” deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Robaxon Mahmudova besh yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimiga saylangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi