1000 o‘yin ostidagi 96 yil: futbol tarixini o‘zgartirgan lahzalar

Sport

image

Kecha, 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Tunis va Yaponiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv futbol bo‘yicha Jahon chempionatlari tarixidagi 1000-o‘yin sifatida qayd etildi. Qariyb bir asrlik tarixga ega mundial davomida futbol olami unutilmas g‘alabalar, dramatik mag‘lubiyatlar, bahsli qarorlar va afsonaviy futbolchilarning yuksalishiga guvoh bo‘ldi. Lyusen Loranning ilk golidan tortib, Pelening hukmronligi, Maradonaning “Xudoning qo‘li”, Zidanning boshi va Messining orzusi ushalgan Qatar finaligacha bo‘lgan voqealar Jahon chempionatini sayyoraning eng nufuzli sport musobaqasiga aylantirdi. 1000-o‘yin munosabati bilan mundial tarixida iz qoldirgan eng muhim va ramziy voqealarga nazar tashlaymiz.

Ilk qadam: Jahon futboliga asos solgan turnir 

1930 yil 13 iyul kuni Montevideoda Jahon chempionatining ilk o‘yinlari o‘tkazildi. Fransiya va AQSH terma jamoalari birinchi g‘alabalarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, fransuz hujumchisi Lyusen Loran tarixdagi birinchi gol muallifiga aylandi.

Oradan ikki hafta o‘tib Urugvay Argentinani 4:2 hisobida mag‘lub etdi va ilk jahon chempioni bo‘ldi. Bu nafaqat futbol, balki xalqaro sport musobaqalari taraqqiyotida yangi davrni boshlab bergan voqea bo‘ldi.
1950 yilgi mundialda Rio-de-Janeyrodagi “Marakana” stadionida Braziliya va Urugvay o‘rtasida hal qiluvchi bahs o‘tkazildi. Braziliyaliklar o‘z mamlakatida chempionlikni nishonlash uchun ideal ssenariy tayyor edi go‘yo. 200 mingga yaqin muxlis to‘plangan “Marakana” stadionida hamma mezbonlarning g‘alabasini kutayotgandi, ammo Urugvay 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, butun mamlakatni shok holatiga tushirdi. Bu voqea tarixga “Marakanaso” nomi bilan kirdi.

1954 yilgi Shveysariyadagi mundial futbol tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. U ilk bor televideniye orqali namoyish etildi.
1958 yilgi mundial esa nafaqat Braziliyaning birinchi chempionligi, balki Pele fenomenining paydo bo‘lishi bilan ham ahamiyatlidir. Atigi 17 yoshida jahon chempioni bo‘lgan Pele keyinchalik uch karra ushbu turnir g‘olibiga aylangan yagona futbolchi bo‘lib qoldi. Uning muvaffaqiyati futbolda iste’dod yosh tanlamasligining eng yorqin namunasi sifatida tarixda qoldi.
1966 yilgi finalda Angliya G‘arbiy Germaniyani qo‘shimcha vaqtlarda 4:2 hisobida mag‘lub etdi. Jeff Herst urgan uchinchi gol esa haligacha bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda. To‘p darvoza chizig‘ini to‘liq kesib o‘tgan-o‘tmagani haqida bahs munozaralar haligacha futbol jamoatchiligida muhokamalarga sabab bo‘ladi.

1970 yilgi mundialda Braziliya Italiyani finalda 4:1 hisobida yengib, uchinchi chempionligini qo‘lga kiritdi. Pele esa uch karra jahon chempioni bo‘lgan yagona futbolchi bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Meksikadagi turnir ilk bor rangli translyatsiya qilindi.
1974 yilgi Jahon chempionatida hozirgi FIFA Jahon kubogi ilk bor taqdim etildi. Bu sovrin hozirgacha turnirning asosiy trofeyi bo‘lib qolmoqda. 

1982 yilda Ispaniyada o‘tkazilgan mundialda ishtirokchilar soni 16 tadan 24 tagacha oshirildi. Shu turnirda birinchi marta penaltilar seriyasi orqali g‘olib aniqlandi.

1986 yilgi mundialda Diyego Maradona Angliyaga qarshi bahsda mashhur “Xudoning qo‘li” deya nomlanuvchi afsonaviy golini urdi. Argentina o‘sha bahsda ishonchli g‘alabaga erishib, keyinchalik jahon chempioni bo‘ldi.

1994 yilgi mundialda rossiyalik hujumchi Oleg Salenko Kamerunga qarshi bahsda beshta gol urdi. U hozirgacha jahon chempionati tarixida bir o‘yinda penta-trik qayd etgan yagona futbolchi bo‘lib turibdi.
Shu turnir Kolumbiya himoyachisi Andres Eskobarning fojiali taqdiri bilan ham yodda qolgan. AQSHga qarshi o‘yinda avtogol urgan futbolchi turnirdan qaytgach, Medelin shahrida otib ketilgan.

1994 yilgi finalda Braziliya va Italiya o‘rtasidagi bahs tarixda birinchi marta penaltilar seriyasida hal qilindi. Roberto Bajoning hal qiluvchi zarbasi noaniq chiqqanidan keyin Braziliya to‘rtinchi chempionligini nishonladi.

1998 yilgi mundialda ishtirokchilar soni 32 taga yetkazildi. Yangi format keyingi yetti jahon chempionati davomida amal qildi. Finalda Fransiya Braziliyani 3:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixidagi ilk chempionlikni qo‘lga kiritdi. Zinedin Zidan esa ikki gol bilan g‘alabaning bosh qahramoniga aylandi.

2002 yilgi mundial Koreya Respublikasi va Yaponiyada o‘tkazildi. Bu Osiyodagi birinchi hamda ikki mamlakat hamkorligida tashkil etilgan ilk jahon chempionati bo‘ldi.

2006 yilgi finalda Fransiya sardori Zinedin Zidan va italiyalik Marko Materatssi o‘rtasidagi mojaro futbol tarixidagi eng mashhur epizodlardan biriga aylandi. Zidan raqibining ko‘kragiga bosh bilan zarba bergani uchun maydondan chetlatildi. Italiya esa penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib, to‘rtinchi chempionligini qo‘lga kiritdi.

2018 yilgi Rossiya mundialida VAR tizimi ilk bor qo‘llanildi. Turnirning eng yorqin voqealaridan biri Rossiya va Ispaniya o‘rtasidagi 1/8 final bahsi bo‘ldi. Penaltilar seriyasida Igor Akinfeyev Yago Aspasning hal qiluvchi zarbasini qaytarib, jamoasini chorak finalga olib chiqdi va turnirning eng kutilmagan voqealaridan biri sifatida tarixda qoldi.
2022 yil Qatarda o‘tgan Jahon chempionati finali esa tarixdagi eng dramatik uchrashuvlardan biri sifatida baholanadi. Fransiya hujumchisi Kilian Mbappe finalda xet-trik qayd etdi va Jeff Herstdan keyin bu natijaga erishgan ikkinchi futbolchiga aylandi.

Uchrashuvning hal qiluvchi lahzalaridan biri 123-daqiqada ro‘y berdi. Argentina darvozaboni Emiliano Martines Randal Kolo Muanining xavfli zarbasini qaytarib, jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi. Keyinchalik Argentina penaltilar seriyasida ustun kelib, uchinchi chempionligini qo‘lga kiritdi. Lionel Messi esa faoliyatida birinchi marta jahon chempioni bo‘ldi.

Yangi davr: 48 jamoali mundial 

2026 yilgi Jahon chempionati tarixdagi eng yirik turnir sifatida o‘tkazilmoqda. Unga ilk bor uch davlat mezbonlik qilyapti va ishtirokchilar soni 48 taga yetkazildi. Natijada O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham o‘z tarixida ilk bor mundialning final bosqichiga yo‘llanma oldi.
Futbol tarixidagi bu o‘zgarishlar futbolning globallashuvini yanada kuchaytirdi. Endi dunyoning ko‘proq mamlakatlari mundialda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shu bilan birga, raqobat geografiyasi ham kengayib bormoqda.

Tunis va Yaponiya o‘rtasidagi 1000-o‘yin Jahon chempionatlari tarixidagi navbatdagi raqam emas. U 96 yillik buyuk sayohatning ramzidir. Bu davr mobaynida mundial insoniyatga Pele, Maradona, Zidan va Messi kabi afsonalarni taqdim etdi, millionlab muxlislarga unutilmas xotiralarni baxshida qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing