“75 lar ishi” bo‘yicha 90 ga yaqin guvoh so‘roq qilinadi

Olam

image

Bugun, 22 iyun kuni hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ishi bo‘yicha sud majlisi boshlanishidan avval Jogorku Kenesh sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘lining advokati Latipbek Nurolimov jarayon doirasida 90 ga yaqin guvohni so‘roq qilish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, guvohlarning soni ko‘pligi sababli ishning ko‘rib chiqilishi uzoq vaqt talab qilishi mumkin, sud qarorining chiqarilishini esa uzoq kutishga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun, mazkur jinoyat ishi “75 lar xati” deb nomlangan hujjat – bir guruh siyosatchilar va jamoat arboblarining murojaati bilan bog‘liq bo‘lib, tergov talqiniga ko‘ra, unda hokimiyatni almashtirishga da’vat qilish belgilari mavjud bo‘lgan.

Ish bo‘yicha ayblanuvchilar qatorida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, Jogorku Kenesh sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, shuningdek, mamlakatning bir qator sobiq siyosatchilari bor. Ularga hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ayblovlari qo‘yilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Jogorku Keneshi to‘rag‘asi Marlen Mamataliyev “75 lar xati” bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruv tafsilotlarini so‘zlab bergan. Xususan, u xatning parlamentga kelib tushish ssenariysi oldindan rejalashtirilganini va barcha manfaatdor shaxslar uni parlamentda kutishganini ma’lum qilgan edi.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing