“75 lar xati”. Sobiq parlament raisi, Bosh prokuror va MXDQ raisi qora kursida

Olam

image

Bishkekning Pervomay tuman sudi Jogorku Keneshning sobiq to‘rag‘asi (parlament raisi) Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘liga nisbatan ochilgan jinoyat ishini mohiyatan ko‘rib chiqishga hali kirishmadi. Bu haqda uning advokati ma’lum qildi.

Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, kecha, 8 iyun kuni o‘tkazilgan sud majlisida protsessual masalalar, jumladan, hibsda saqlanayotgan ish figurantlarining ehtiyot chorasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi iltimosnomalar, shuningdek, maxfiylashtirilgan guvohlarni so‘roq qilish tartibi ko‘rib chiqilgan.

“Ish bo‘yicha hali birorta ham guvoh so‘roq qilinmadi. Sud ishning barcha materiallarini hali o‘rganib chiqmagani va guvohlarning pozitsiyasini tinglamagani uchun iltimosnomalar rad etildi. Bularsiz ularni qanoatlantirish yoki rad etish haqida qaror qabul qilib bo‘lmaydi”, deya izoh berdi advokat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ishda uch nafar maxfiylashtirilgan guvoh mavjud. 

Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li “75 lar xati” deb ataluvchi ishda figurant sifatida ishtirok etmoqda. U bilan birga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari va Vazirlar Mahkamasi raisining sobiq o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev hamda bir qator siyosatchi va jamoat arboblari ham shu ishga aloqador.

Bu ish Qirg‘iziston siyosiy va ijtimoiy elitasining 75 nafar vakilidan iborat guruhning 2026 yil fevral oyida muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirgan murojaati bilan bog‘liq. Murojaat e’lon qilinganidan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilarga hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan bosib olishga tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va mansab mavqeini suiiste’mol qilish ayblovlari qo‘yilmoqda. Ish figurantlarining o‘zlari va ularning himoyachilari bu ayblovlarni siyosiy tusga ega deb hisoblab, o‘zlarining aybsiz ekanini aytmoqda.

Ish bo‘yicha asosiy sud muhokamasi hali boshlanmagan. Sud tashkiliy va protsessual masalalarni ko‘rib chiqishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir guruh jamoat arboblari va amaldorlar davlat rahbari Sadir Japarov hamda Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘gli nomiga murojaat yo‘llab, mamlakatda prezidentlik saylovlarini zudlik bilan o‘tkazish tashabbusini ilgari surishni so‘ragan edi.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing