O‘zbekiston va Portugaliya o‘yini munosabati bilan Toshkent metrosi 1 soat ko‘proq ishlaydi

Jamiyat

image

Ertaga, 23 iyun kuni Jahon chempionati doirasidagi O‘zbekiston va Portugaliya o‘yin munosabati bilan Toshkent metrosi 24 iyun soat 01:00 gacha faoliyat olib boradi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur uchrashuv munosabati bilan poytaxtning turli hududlarida futbol ixlosmandlarining harakati sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Shu sababli yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda jamoat transporti xizmatlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash maqsadida “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan metro poyezdlari harakati vaqti qo‘shimcha 1 soatga uzaytirilgan.

Shunga ko‘ra, 23 iyun kuni metropoliten yo‘lovchilarga tungi soat 01:00 gacha xizmat ko‘rsatadi.

“Yuqoridagi qo‘shimcha ish rejimi futbol muxlislarining uchrashuvdan so‘ng o‘z manzillariga xavfsiz, qulay va tezkor yetib borishlari uchun xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati 2-tur doirasidagi Portugaliyaga qarshi bahs AQSHning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv joriy yilning 23 iyun kuni o‘tkaziladi va Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da start oladi.

Elatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushdi va 3:1 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi ilk golini esa Abbosbek Fayzullayev kiritdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing