JCH kundaligi: Shvetsiya Tunisni gollarga “ko‘mib tashladi”
Sport
−
15 iyun 6309 2 daqiqa
Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan Monterrey stadionidagi bahsda Shvetsiya milliy terma jamoasi Tunisni 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Uchrashuv Tunis uchun fojiali tarzda boshlandi. O‘yinning 7-daqiqasida Yasin Ayari hisobni ochib, Shvetsiyani oldinga olib chiqdi. 30-daqiqada Viktor Gyokeresh o‘ziga xos tarzda markazdan ajoyib uzatmani amalga oshirdi va uning sherigi Aleksander Isak imkoniyatni qo‘ldan boy bermay, hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi – 2:0.
43-daqiqada Xannibal Mejbrining ijodkorona uzatmasini Omar Rekik aniq yakunlab, intrigani qaytardi. Ikkinchi bo‘limda afrikaliklar hisobni tenglashtirish uchun bor kuchini tashladi. Biroq, Tunis o‘yinni qutqarish haqida jiddiy o‘ylayotgan bir paytda, Shvetsiya yulduzlari yana sahnaga chiqdi.
Bu safar rollar almashdi: 59-daqiqada Aleksander Isakning pasidan so‘ng, endi Viktor Gyokeresh o‘z nomini tabloga yozdirib, barcha qarshiliklarga nuqta qo‘ydi – 3:1. 85-daqiqada Matias Svanberg hisobni yanada yiriklashtirdi. O‘yinga yakuniy nuqtani esa Ayari qo‘ydi.
Bu ishonchli g‘alaba Shvetsiyaga muhim 3 ochkoni taqdim etdi. Guruhning 2-turida Shvetsiya yana bir favorit Niderlandiya bilan to‘qnash keladi.
O‘yinda kiritilgan gollarni ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Ye” guruhi 1-turidan o‘rin olgan Germaniya va Kyurasao terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlanib, bahs 7:1 hisobida germaniyaliklar foydasiga hal bo‘lgan edi.
Live
Barchasi