Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmati tashkil etiladi
Jamiyat
−
08 iyun 2784 3 daqiqa
Sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmati tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 8 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishga oid taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda qariyb 4,8 ming nafarga yaqin sud apparati xodimlarining halol va pok faoliyat yuritishi doimiy e’tiborda bo‘lishi lozim. Shu munosabat bilan taqdimotda sudlarda komplayens nazoratini kuchaytirishga qaratilgan takliflar muhokama qilingan.
Sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmatini tashkil etish taklif etilgan. Mazkur xizmat to‘g‘ridan to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunib, hududiy sudlarda ham faoliyat olib boruvchi komplayens inspektorlaridan iborat bo‘ladi.
Komplayens xizmati korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va oldini olish, ularning sabablarini bartaraf etish, xodimlar tomonidan qonunchilik va kasb etikasi talablariga rioya etilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.
Taqdimot davomida sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qator boshqa choralar ham muhokama qilingan. Xususan, sudlar apparatida xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati tasdiqlanadi, xavf darajasi yuqori jarayonlarni raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish choralari ko‘riladi.
Sudyalar uchun manfaatlar to‘qnashuvi, daromad va mol-mulk deklaratsiyalarini taqdim etish hamda tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimi ishga tushiriladi. Xuddi shunday tizim sud apparati xodimlari uchun ham joriy etiladi.
Shuningdek, korrupsiya, shubhali sxemalar va intizom buzilishlariga olib keluvchi xavflarni aniqlashga qaratilgan elektron axborot tizimlari ishga tushiriladi. Bu borada korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish, fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallarini yaratish muhimligi ta’kidlangan.
2026 yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik bo‘yicha diagnostika o‘tkaziladi. Sudyalikka nomzodlarni tayyorlash jarayonida ularning shaxsiy-professional va korrupsiyaga qarshi barqarorligini baholash amaliyoti ham joriy etiladi.
Sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturi takomillashtirilib, ishlarni taqsimlash va qayta taqsimlash mezonlari aniq belgilanadi, jarayon shaffofligi ta’minlanadi.
Sud apparatiga ishga qabul qilish tizimi ham tubdan yangilanadi. U ochiq tanlov, shaffof tartib-taomillar va meritokratiya tamoyillari asosida tashkil etiladi. Nomzodlarning kasbiy, ma’naviy-axloqiy va halollik sifatlarini baholashning zamonaviy tizimi joriy qilinadi.
Xodimlar uchun manfaatlar to‘qnashuviga olib keluvchi faoliyat va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, chet elda hisobvaraq ochish kabi cheklovlar nazarda tutiladi.
Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etish taklifi ham ko‘rib chiqilgan. Bu xodimlar mas’uliyati, xizmat intizomi va etika madaniyatini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etilgan.
Davlat rahbari sud tizimida shaffoflik, halollik va adolat muhitini mustahkamlash aholining sud himoyasiga bo‘lgan ishonchini oshirishning muhim omili ekanini, takliflarni puxta ishlab chiqish, komplayens xizmatiga malakali kadrlarni jalb etish zarurligini ta’kidlagan.
Qayd etish joiz, 2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida 2026 yildan barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilishini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Surxondaryo viloyati sudining sudya katta yordamchisi 53 ming dollar bilan qo‘lga tushgandi. Shuningdek, aprelda Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi 3,6 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi.
Live
Barchasi