Kashmirdagi to‘qnashuvlarda 11 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Pokiston nazoratidagi Kashmirda ertaga, 9 iyun kuniga belgilangan namoyishlar arafasida yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, 70 nafardan ortiq kishi jarohat oldi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, politsiya va yarim harbiy kuchlar fuqarolik jamiyati tashkilotlari alyansining taqiqlangan birlashmasi tomonidan uyushtirilgan norozilik aksiyasi ishtirokchilarini tarqatishga uringan. 

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, iqtisodiy va siyosiy huquqlarni himoya qilishni talab qilib kelayotgan Birlashgan xalq harakati qo‘mitasi (JAAC) a’zolari politsiya o‘q uzishi oqibatida halok bo‘lgan harakat ishtirokchisining jasadi olib borilgan shifoxona oldiga to‘plangan.

“Tartibsizlik chiqarganlarning o‘q uzishi oqibatida to‘rt nafar politsiya xodimi va bir yo‘lovchi halok bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning javob harakatlari oqibatida esa olti nafar namoyishchi o‘ldirildi”, deydi mintaqaning Punch sektori komissari Sardor Vohid Xon.

Politsiya boshlig‘i Liaqat Malikning aytishicha, kecha, 7 iyun kungi voqeada 23 nafar xavfsizlik xodimi va 50 nafar namoyishchi jarohat olgan. Hindiston bilan bahsli hudud hisoblangan Himolay mintaqasida 30 nafar qonunbuzar qo‘lga olingan.

“Davlat Ravalakotda xalqimizga qarshi qirg‘in boshladi”, deydi JAAC yetakchilaridan biri Shavkat Navoz Mir X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan video murojaatida.

U voqea sodir bo‘lgan tumanni nazarda tutar ekan, harakat 9 iyun kuniga rejalashtirilgan ish tashlash aksiyasini amalga oshirish uchun birdamligini saqlab qolishini ta’kidlagan.

“JAAC rahbariyati bu voqeani qirg‘in deb atab, jamoatchilikni chalg‘itmoqda. Davlatning harakatlari qonun va tartibni tiklashga qaratilgan edi”, deydi Sardor Vohid Xon bunga javoban.

Uning aytishicha, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatishga uringanida, harakat faollari avtomat qurollar, benzinli bombalar va boshqa qurollardan foydalanib, ularga hujum qilgan.

Ma’lumot uchun, JAAC joriy yil 27 iyul kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan mintaqaviy qonunchilik organi saylovlaridagi 45 o‘rindan 12 tasi qochqinlar uchun ajratilganiga qarshi norozilik sifatida ish tashlash aksiyasini e’lon qilgan. Alyans Ozod Jammu va Kashmir Qonunchilik assambleyasidagi ushbu kvota o‘rinlarini bekor qilishni talab qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, mazkur o‘rinlar uchun Kashmirda emas, balki Pokistonning boshqa hududlarida yashovchi nomzodlar kurashmoqda.

So‘nggi ikki yil davomida JAAC rahbarligida un va elektr energiyasi narxlarining oshishiga qarshi o‘tkazilgan ommaviy namoyishlar ham harakat tarafdorlari va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ortidan qurbonlar bilan yakunlangan edi.

5 iyun kuni mintaqaviy hukumat terrorizmga qarshi qonun asosida JAAC’ni taqiqlangan tashkilot deb e’lon qilgan hamda mahalliy va xorijiy sayyohlarga 9 iyunga qadar mintaqani tark etishni tavsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni Hindiston poytaxti Nyu-Dehli markazida o‘zini “Tarakanlar” partiyasi deb atayotgan harakatning yuzlab tarafdorlari yirik namoyish uyushtirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston namoyish Kashmir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing