Insoniyat eng yirik iqlim falokati bilan yuzma-yuz kelishi mumkin
Olam
−
16 may 9619 2 daqiqa
Yer sayyorasi eng yirik iqlim falokatiga duch kelishi ehtimoli bor: olimlar bundan 150 yil avval o‘n millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan yangi El-Nino siklini kutmoqda. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.
El-Nino yoki Janubiy ossillyatsiya – Tinch okeanining tropik zonasi sharqiy-markaziy qismidagi suv yuzasi qatlamining har bir necha yilda takrorlanib turadigan harorat tebranishidir. Joriy yilda ushbu hududlarning isishi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3 daraja yuqori bo‘lishi va rekordlarni yangilashi mumkin.
Nashrning eslatishicha, qariyb 150 yil avval El-Nino keltirib chiqargan iqlim o‘zgarishlari hosilni nobud qilgan. Bu esa shu kabi hodisa yana takrorlanishi va global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solishi mumkinmi, degan xavotirni kun tartibiga qo‘ymoqda.
Tarixdagi eng kuchli El-Nino hodisasi 1877–1878 yillarda kuzatilgan bo‘lib, u Hindiston, Xitoy, Braziliya va boshqa mamlakatlarda 50 milliondan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan global ochlikka zamin yaratgan. Bu o‘sha paytdagi sayyora aholisining taxminan 3-4 foizini tashkil etgan. Agar bunday falokat bugungi kunda sodir bo‘lsa, bu kamida 250 million kishining hayotiga teng keladi.
Bugungi kunda ham shunday halokatli global jarayonlar takrorlanishi mumkinmi? Vashington shtati universiteti dotsenti Dipti Singh buning ehtimoli bor deb hisoblaydi.
“1870-yillardagi kabi bir vaqtning o‘zida sodir bo‘ladigan ko‘p yillik qurg‘oqchiliklar takrorlanishi mumkin. Hozirgi vaziyatning farqi shundaki, atmosferamiz va okeanlarimiz XIX asrdagiga qaraganda ancha issiqroq. Bu esa ular bilan bog‘liq bo‘lgan ekstremal hodisalar yanada kuchliroq bo‘lishi mumkinligini anglatadi”, deydi Singh.
Uning aytishicha, super El-Nino hodisasi bilan bog‘liq qurg‘oqchilik xavfining ortishi ko‘plab mintaqalarda oziq-ovqat, suv va iqtisodiy xavfsizlikni xavf ostida qoldiradi. Bu esa o‘zaro bog‘langan ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar uchun global oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may