Gulnoraning sudi to‘xtatildi. U aybsizmidi?
Tahlil
−
29 aprel 6405 7 daqiqa
Shveysariyada qariyb yigirma yil muqaddam boshlangan Gulnora Karimova ustidan sud jarayoni oradan bir kun o‘tib to‘xtatildi. Shu yilning 27 aprel kuni Bellinsona shahridagi Federal jinoyat sudida Karimova ustidan sirtdan sud jarayoni boshlangan va u 22 maygacha davom etishi kutilgan edi. Biroq, hozirda 53 yoshli Gulnora Karimova O‘zbekistondagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgani sababli, Shveysariya sudida shaxsan ishtirok eta olmadi. Shu sababli, sud ushbu jinoyatlar bo‘yicha da’vo muddati tugaguniga qadar yakuniy qaror chiqarishning imkoni yo‘qligini ma’lum qildi. Karimovaning advokati Greguar Manjeaning aytishicha, bugungi qaror Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra, amalda oqlashga teng hisoblanadi. Qisqacha qilib aytganda, Gulnora Karimova O‘zbekistonda 2028 yilning dekabrigacha qamoq jazosini o‘tashi belgilangan. Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan ilgari surilgan ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati ham aynan shu yili tugaydi. Bu esa, uning ushbu sud ishidan jazosiz chiqib ketish ehtimolini oshiradi.
Karimovaning ishi nima haqida?
Bu voqea qariyb yigirma yil avval boshlangan. Markazda O‘zbekistonning Birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova turibdi. Shveysariya Bosh prokuraturasi (OAG) da’vosiga ko‘ra, u O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora undirish bilan shug‘ullanuvchi “Idora” (The Office) deb nomlangan keng tarmoqli tarmoq tuzganlikda ayblanmoqda. Ushbu tarmoq ko‘p yillar davomida faoliyat yuritgani aytiladi.
2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova va uning biznes sherigiga nisbatan jinoiy ish ochgan. Ular korrupsiya, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va pul yuvishda ayblanmoqda.
2015 yilda Jenevadagi Lombard Odier xususiy bankining sobiq xodimi tergov ostiga olingan. U 2008–2012 yillar davomida “Idora”ga aloqador shaxslar uchun bank hisoblari ochish va boshqarish orqali mablag‘larning kelib chiqishini yashirishga yordam berganlikda ayblanmoqda.
Lombard Odier bankining o‘zi pul yuvishda bevosita ayblanmayapti. Asosiy masala – bank o‘z xodimining ehtimoliy jinoiy harakatlarini oldini olish uchun barcha zarur tashkiliy choralarni ko‘rgan-ko‘rmaganligida. Bu “korporativ jinoiy javobgarlik” tushunchasiga kiradi. Shu asosda Shveysariyadagi bir nechta banklar, jumladan, Banque Pictet & Cie, Credit Suisse va Bank J. Safra Sarasin avvalroq jazolangan. Bankning o‘zi 2012 yilda bu holat haqida pul yuvish bo‘yicha hisobot berish idorasiga (MROS) xabar bergan va tergov bilan to‘liq hamkorlik qilgan.
Nima uchun ish bunchalik uzoq davom etmoqda?
Asosiy faktlar murakkab bo‘lgani kabi, jarayonning borishi ham g‘ayritabiiy bo‘lgan. Ayniqsa, ishning davomiyligi hayratlanarli: asosiy voqealar 2008 yilga borib taqaladi.
Shveysariya jinoiy adliya tarixida birinchi marta Federal jinoyat sudi so‘roq o‘tkazish uchun xorijga safar qilgan.
Yillar davomida ishning ikki yo‘nalishi turli prokurorlar tomonidan alohida olib borilgan. Faqat 2025 yil may oyida – tergov boshlanganidan o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tgach – Shveysariya Federal jinoyat sudi Bosh prokuraturaning pozitsiyasiga zid ravishda, ikki ishni birlashtirishga qaror qilgan, chunki ular bir xil faktlarga asoslangan. Sud majlisi joriy yilning 27 apreliga belgilangan.
O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013 yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015 yilda birinchi ish bo‘yicha unga besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan bo‘lsa, 2017 yilda ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 2017 yilda bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, unda Karimovaga 2013 yil 24 oktyabrda bir nechta MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Gulnora Karimova 2001-2012 yillarda Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelganining aniqlangani aytiladi.
O‘sha vaqtda prokuratura Gulnora Karimova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 184-modda (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish bilan ayblanganini aytgan. Yuqorida aytganimizdek, Karimova 2017 yilning dekabr oyida 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. O‘shanda unga insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganini e’tiborga olgan holda, Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgandi.
Bu jazoni o‘tash joyi etib, uning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan. Shu bilan birga, mahkuma Gulnora Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.
Keyinchalik, Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli, jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangani aytildi va u Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasiga joylashtirilgan.
Oliy sudning 2020 yilda bergan ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan.
Gulnora Karimova otasi vafot etgan 2016 yilda ham xalq nazaridan chetlashtirilgan edi. U janoza marosimlarida qatnashgani, otasini so‘nggi manzilga kuzatganmi yoki yo‘q, bunisi hamon noma’lum. Rasmiy janoza marosimlarida Karimovlar oilasidan faqat Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova va kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva ko‘rinish bergan. Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom esa, onasi hibslanganidan buyon Londonda qolmoqda. Qizi Imon Karimova esa, 2017 yil Oqsaroy majmuasida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xotira tadbirida holasi Lola Karimova bilan ko‘rinish berganidan beri oila nomidan Toshkentda anchayin faol. Oilaning kenjasi Lola Karimova esa, O‘zbekistondagi barcha faoliyatlaridan voz kechib, AQSHga ko‘chib o‘tgan.
Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov bundan bir necha yillar avval bergan intervyusida onasi va xolasi o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p yillar avval buzilganini aytib, bunda bobosi va buvisini ayblagandi. Jumladan, Tatyana Karimovaning ham qizi Gulnora bilan orasi buzilgani jamoatchilikka ma’lum edi. Ammo, so‘nggi yillarda oiladagi barcha rishtalar tiklangan. 8 iyul kuni Lola Karimova birinchi marta ijtimoiy tarmoqlar orqali opasi Gulnorani tavallud kuni bilan tabrigini ifoda etuvchi post joylashtirdi. Tatyana Karimova esa, bir necha bor Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyaga borgani ma’lum.
Gulnora Karimova oqlandimi?
27 aprel kuni boshlangan Shveysariya Federal jinoyat sudi Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha sud jarayonini to‘xtatdi. Bunga asosiy sabab – Karimova O‘zbekistondagi koloniyada saqlanayotganligi tufayli sudda ishtirok eta olmaganligi edi.
Qayd etilishicha, sud ushbu jinoyatlar bo‘yicha da’vo muddati tugagunga qadar biror qarorga kelish mumkin emasligini ma’lum qilgan. Bungacha, har qanday ayblovlarni rad etgan Karimova pora olishda va 2005–2013 yillar davomida Shveysariyadagi hisob raqamlariga yuzlab million dollar mablag‘ yo‘naltirgan “Ofis” nomli jinoiy tashkilotga rahbarlik qilishda ayblanayotgan edi.
“Shveysariya Federal jinoiy sudi tomonidan mijozimiz Gulnora Karimova foydasiga chiqarilgan bugungi qaror Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra, oqlovga tengdir. Sud jarayonni davom ettirish uchun doimiy to‘siq mavjud deb hisobladi”, deydi uning advokati Greguar Manjea.
Bunda Karimovaning sud majlisida qatnasha olmasligi nazarda tutilgan.
Gulnora Karimova O‘zbekistonda 2028 yil dekabrigacha qamoq jazosini o‘tamoqda. Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan ilgari surilgan ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati esa aynan o‘sha yili tugaydi. Bu esa, Karimovaning ushbu sud ishidan amalda qutulib qolishi mumkinligini anglatadi.
Live
Barchasi