Namanganda fuqarolardan asossiz pul olgan tibbiyot muassasalari aniqlandi
3-sahifa
−
17 aprel 3236 2 daqiqa
Namangandagi tibbiyot muassasalarida fuqarolardan qariyb 300 mln so‘m asossiz olingani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyat hududida faoliyat yuritayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmalarida tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilganligi, shuningdek, ulardan bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida foydalanilishi holati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida tibbiyot birlashmalari tomonidan foydalanilayotgan tibbiy asbob-uskunalar belgilangan muddatlarda metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagan holda xizmatlar ko‘rsatilganligi, shuningdek, narxnomada hisobga olingan, ammo amalda ishlatilmagan materiallar uchun iste’molchilardan qariyb 300 mln so‘m miqdorida asossiz daromad olingani aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining ushbu sohada xizmat ko‘rsatish asoslari belgilangan qarori talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunida belgilangan tartibda iste’molchilardan asossiz olingan mablag‘larni qaytarilishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 991 ta dorixona narxlarni asossiz oshirgani aniqlangan edi.