Gruziyada “raqamli ko‘chmanchilar” uchun viza joriy etildi

Olam

image

Gruziya parlamenti qonunchilikka xorijiy kompaniyalarda masofadan turib ishlovchi chet elliklar – “raqamli ko‘chmanchilar” uchun C5 toifasidagi yangi vaqtinchalik vizani joriy etuvchi o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Yangi vizaning amal qilish muddati 12 oyni tashkil etadi. Bu haqda “NewsGeorgia” xabar berdi.

“Chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi qonunning yangilangan tahririga ko‘ra, C5 toifasiga mamlakatga turistik maqsadlarda kiruvchi va Gruziyadan tashqarida joylashgan kompaniyada masofadan ishlovchi shaxslar kiradi. Viza, shuningdek, ariza beruvchining turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarini ham o‘z ichiga oladi. Viza berish Gruziyaning immigratsiya siyosati asosida rad etilishi mumkin va bu qaror ustidan shikoyat qilish mumkin emas.

Qayd etilishicha, C5 vizasini rasmiylashtirish narxi 20 dollardan 500 dollargacha etib belgilangan. Ushbu vizani faqat “xavfsiz mamlakatlar” fuqarolari olishlari mumkin bo‘ladi. Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasidan bo‘lgan tashabbus mualliflarining ta’kidlashicha, bunday viza toifasi allaqachon ko‘plab mamlakatlarda amal qilmoqda. Ushbu o‘zgarish mamlakat iqtisodiyotiga to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, “raqamli ko‘chmanchilar” (inglizcha digital nomads) – raqamli texnologiyalardan foydalangan holda masofadan ishlaydigan va doimiy ravishda bir mamlakatdan boshqasiga sayohat qilib yuradigan insonlardir. “DemandSage” bahosiga ko‘ra, 2025 yil boshida dunyo bo‘ylab 40 million nafar “raqamli ko‘chmanchi” mavjud bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa mamlakatlari aeroportlarida yangi kirish/chiqish tizimi (EES) to‘liq ishga tushirilgach, chegara nazoratida uzun navbatlar va kechikishlar yuzaga kelgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya viza raqamli ko'chmanchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing