Sadir Japarov xalqidan elektr uzilishidan nolimaslikni so‘radi
Olam
−
27 Oktabr 7330 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov aholidan qish mavsumida elektr ta’minotidagi uzilishlardan nolimaslikni so‘radi. Bu haqda u bugun, 27 oktyabr kuni Jalolobod viloyatiga amaliy tashrifi chog‘ida Qorako‘l GESining ochilish marosimida so‘z ochdi.
“Qishda elektr ta’minotidagi uzilishlardan nolimaylik. 30 yil chidaganimiz bois yana 2,5 yil chidaymiz”, deydi u.
Uning ta’kidlashicha, GESning ishga tushirilishi mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash va milliy iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
“Biz barqaror energiya ta’minotini ta’minlaymiz va qishki tanqislikni bosqichma-bosqich bartaraf qilamiz. Ikki yarim yildan keyin Qirg‘iziston elektr energiyasini import qilishni to‘xtatadi. Biz ishlab chiqarayotgan energiya ichki ehtiyojni to‘liq qoplaydi”, dedi u.
Prezident GES qurilishi belgilangan muddatdan besh oy oldin yakunlanganini ta’kidladi. Loyiha to‘liq mahalliy “Jagalmay” kompaniyasi tomonidan milliy resurslardan foydalangan holda amalga oshirildi.
Sadir Japarovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda respublikada 40 ga yaqin kichik va o‘rta GES, shuningdek, Qora-Kecheda yangi IES qurilmoqda. Bu stansiyalar ishga tushgach, Qirg‘iziston nafaqat importni yo‘q qilish, balki elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Tabiiy boyliklarimizdan unumli foydalana boshladik. Bugungi loyihaning ishga tushirilishi mamlakatimiz energetik mustaqilligi sari ishonchli qadamdir", dedi davlat rahbari.
Ma’lumot uchun, Qorako‘l gidroelektrstansiyasi Qorasuv daryosida qurilgan bo‘lib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. 15 yillik faoliyatdan so‘ng ob’ekt davlat mulkiga o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda yevropalik investorlar ishtirokida Norin daryosida Qambarota GES-1 qurilishi boshlangandi. SSSRda 1988 yilda Qambarota 1 va 2-sonli GES loyihalari ma’qullangan, biroq 1994 yilda mablag‘ yo‘qligi sababli 1- GES qurilishi to‘xtab qolgan (o‘sha paytda ishlarning 25 foizi bajarilgan edi).
Live
Barchasi