“To‘qtag‘ul”da suv kam. Energetika vaziri qish juda og‘ir bo‘lishini aytdi

Olam

image

Qirg‘izistonda 2025-2026 yillardagi qish mavsumi juda og‘ir o‘tadi. Bu haqda mamlakatning Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning qayd etishicha, bunga “To‘qtag‘ul” GESda suvning ozligi sabab bo‘lmoqda.

“O‘tgan yilga nisbatan 1,6 milliard kub metrga kam suv bor. 2024 yilda 12,4 milliard kub metr suv bor edi. Juda xavotirda edik. Bu yil esa bundan ham kamroq. Bu elektr energiyasi 1,6 milliard kilovattga kam bo‘ladi, degani”, deydi Ibrayev.

Vazir har bir iste’molchi qonun-qoidalarga amal qilishi, elektr energiyasini tejashi kerakligini ta’kidladi.

Taalaybek Ibrayevning qo‘shimcha qilishicha, energetika inqirozini 2028 yilgacha hal qilish rejalashtirilgan.

Avvalroq, Bosh vazir o‘rinbosari Baxit To‘raboyev 2025 yilda elektr energiyasi iste’moli 18,9 milliard kilovatt/soatga yetishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. Yilning yetti oyida ishlab chiqarish 9,24 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi. Issiqlik mavsumidan o‘tish uchun respublika Qozog‘iston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Rossiyadan 4,03 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi sotib oladi.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Qirg‘izistonda elektr energiyasi iste’moli 17,8 milliard kilovatt/soatga yetgan.

“To‘qtag‘ul” suv ombori o‘tgan asrning 70 yillari o‘rtalarida qurilgan bo‘lib, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonda suv iste’moliga ta’sir ko‘rsatmoqda. Suv omborining loyihaviy hajmi 19,5 milliard kub metrga teng.

2024 yilda “To‘qtag‘ul” suv omboridagi vaziyat so‘nggi 5 yildagi eng og‘ir holatga kelib qolgandi. O‘tgan yilning 2 fevral kuni Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasida avariya yuz bergandi va Qirg‘izistondagi gidroelektr stansiyalar yukining oshishiga sabab bo‘lgandi. Shuningdek, bu mazkur suv omboridan suvning chiqish hajmini keskin orttirgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 yanvar kuni Qirg‘iziston hududida joylashgan “To‘qtag‘ul” suvomboridagi suv hajmi 11 milliard 96 million kub metrni tashkil qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Tojikiston O'zbekiston elektr energiyasi Qirg'iziston GES Energetika vaziri qish mavsumi Taalaybek Ibraev To'qtag'ul Baxit To'raboev suvombori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing