Imomo‘g‘liga nisbatan “josuslik” ayblovi bilan tergov boshlandi
Olam
−
24 Oktabr 3951 3 daqiqa
Istanbul shahrining sobiq meri, muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li va yana ikki kishi ustidan “josuslik” ishi bo‘yicha tergov boshlandi. Bu haqda Turkiya Bosh prokuraturasiga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ekrem Imomo‘g‘lini “josuslik” ayblovi bilan so‘roq qilish uchun qamoqxonadan prokuraturaga olib borish rejalashtirilgan. Surishtiruv faqat Imomo‘g‘lini emas, balki “Tele1” telekanali jurnalisti Merdan Yanardag‘ hamda Imomo‘g‘lining maslahatchisi Najoti O‘zkanni ham qamrab oladi.
Surishtiruv joriy yilning 4 iyul kuni xuddi shu ayblov bilan hibsga olingan Huseyn Gunning raqamli materiallarida topilgan dalillarga asoslanadi. Bosh prokuratura Gun “xorijiy razvedka xodimlari bilan aloqada bo‘lganini, harbiy o‘q-dorilar tasvirlari hamda Isroil fuqarosi bo‘lgan siyosiy va harbiy shaxslarga tegishli pasport nusxalari kabi maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lganini” ma’lum qilgan.
Shuningdek, Gun Turkiyada FETO deb ataladigan Fathulloh Gulen tarmog‘i bilan aloqa qilgani, 85 million liraga teng izohlanmagan pul o‘tkazmalari amalga oshirgani hamda boshqa davlatlardagi to‘ntarish va ichki notinchliklar haqida qaydlar olib borganiga oid tafsilotlar keltirilgan.
Bosh prokuratura bayonotida qo‘shimcha ravishda “Huseyn Gunning Najoti O‘zkan bilan shifrlangan yozishmalarida Imomo‘g‘li manfaat olish maqsadida faoliyat yuritgan jinoiy tashkilotning bir qismi sifatida tilga olingani”, shuningdek, “Gun O‘zkanga raqamli razvedka ma’lumotlarini to‘plash, 70 ming ko‘ngillini safarbar etish hamda nozik kampaniya yig‘ilishlari chog‘ida Murat Ongunning telefonini josuslik dasturi orqali tinglanishidan himoya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergani” qayd etilgan.
“Jumhuriyat Xalq” partiyasining jamoatchilik bilan aloqalar va OAV bo‘yicha mas’ul rais o‘rinbosari Burxoniddin Bulut o‘zining X sahifasida xabarlarga munosabat bildirgan.
“Prezidentlikka nomzodimiz Ekrem Imomo‘g‘li “josuslik” ayblovi bilan tergov qilinmoqda. Xuddi shu sababga ko‘ra, “Tele1” bosh muharriri Merdan Yanardag‘ ham hibsga olindi”, deydi u.
“Tele1” telekanalining Istanbulning Seyrantepa tumanidagi yangiliklar markazida politsiyaning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tintuv o‘tkazgan. Kanalning jonli efirida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya Merdan Yanardag‘ning xonasini tintuv qilgan, ammo efirga aralashmagan. Jurnalist Go‘khan Kayish jonli efirda Yanardag‘ bilan bog‘lana olmayotganini va u hibsga olingan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Bosh prokuratura Merdan Yanardag‘ “josuslik” ayblovi bilan hibsga olingani, uning uyi va ish joyida tintuv o‘tkazilgani haqida ma’lum qilgan.
Boshqa ayblovlar bilan qamoqda bo‘lgan Imomo‘g‘li va O‘zkan “josuslik” ishi doirasida so‘roq qilinishi uchun qamoqxonadan prokuraturaga olib boriladi. Huseyin Gun esa “jinoiy tashkilotni boshqarish” ayblovi bilan qayta so‘roq qilinishi uchun Istanbul Politsiya boshqarmasiga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Ekrem Imomo‘g‘li bosh prokurorga tahdid qilish va haqorat qilishda ayblanib, 1 yil 8 oylik (20 oy) qamoq jazosiga hukm qilingandi. Sud qaroriga ko‘ra, jinoyat Imomo‘g‘lining joriy yil 20 yanvardagi chiqishlari bilan bog‘liq. O‘shanda Imomo‘g‘li Istanbul bosh prokurorini siyosiy maqsadlarda tekshiruvlar olib borishda ayblagan. U sudda barcha ayblarni rad etgan va ularni siyosiy jihatdan qurollangan bosim deb atagan.
Live
Barchasi