Ukraina urushda g‘alaba qozonadi, deb o‘ylamayman – Tramp
Olam
−
21 Oktabr 5536 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan bo‘layotgan urushda Ukraina g‘alaba qozonishiga ishonmasligini bildirdi, biroq bu nazariy jihatdan mumkinligini ta’kidladi. Tramp bu bayonotni kecha, 20 oktyabr kuni Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze bilan birgalikdagi chiqishi vaqtida bildirdi.
“Ular hali ham yutushi mumkin. Men ular g‘alaba qozonadi, deb o‘ylamayman, lekin nazariy jihatdan mumkin. Men hech qachon ular albatta g‘alaba qozonadi, demaganman, men ular g‘alaba qozonishi mumkin, deganman. Har narsa bo‘lishi mumkin”, dedag Tramp.
Bir oycha avval Oq uy rahbari Ukraina Yevropa Ittifoqi ko‘magi bilan “kurashishga va o‘z hududlarini avvalgi chegaralarida tiklashga qodir” ekanini aytgan edi.
“Vaqt o‘tishi, sabr-toqat va Yevropaning, ayniqsa, NATOning moliyaviy yordami bilan bu urush boshlangan ilk chegaralarni tiklash to‘liq mumkin”, degan edi AQSH Prezidenti o‘shanda.
19 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Rossiya–Ukraina urushiga chek qo‘yish uchun Donbass mintaqasi “bo‘linishi” kerakligini aytdi, bu holda uning katta qismi Rossiya nazoratida qolishi lozimligini qo‘shimcha qildi.
“Hammasi hozirgi holatda qolsin. U hozir ham bo‘lingan. Menimcha, mintaqaning 78 foizi allaqachon Rossiya tomonidan egallab olingan”, dedi Tramp.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va Ukraina “keyinchalik qandaydir kelishuvga erishishi mumkin”.
Shu kuni Tramp “The Financial Times” gazetasidagi maqolada keltirilgan ma’lumotni ham rad etdi. Unda qayd etilishicha, AQSH Prezidenti Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni Donetsk, Lugansk va Dnepropetrovsk viloyatining ayrim qismlarini o‘z ichiga olgan butun Donbassni Rossiyaga berishga chaqirgan, aks holda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Ukrainani yo‘q qiladi” deb aytgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi