Rossiya Ukraina portiga zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
20 dekabr 3898 1 daqiqa
Rossiyaning Ukrainaga raketa hujumi oqibatida Odessa viloyatidagi port ob’ektlarida 7 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning ballistik raketalari Ukrainaning janubi-g‘arbida joylashgan Odessa viloyatidagi port infratuzilmasiga zarba bergan.
“Bugun kechqurun dushman yana Odessa viloyatidagi port infratuzilmasi ob’ektiga ballistik raketalar bilan ommaviy hujum uyushtirdi. Zarba oqibatida avtoturargohda turgan yuk mashinalari yonib ketdi”, deydi viloyat hokimi Oleg Kiper.
Kiperning aytishicha, 15 nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilgan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 7 nafar.
U, shuningdek, hududda havo hujumidan ogohlantirish signallari davom etayotgani sababli favqulodda va tezkor xizmatlar ishida qiyinchiliklar yuzaga kelganini qo‘shimcha qilgan.
So‘nggi haftalarda Odessa viloyatiga havo hujumlari kuchaygan, hozirda 12 ta hududdan qutqaruvchilar takroriy zarbalar oqibatlarini bartaraf etishda yordam bermoqda.
“Rossiya rasmiylari hodisa yuzasidan hozircha izoh bermagan. Davom etayotgan urush sababli voqea tafsilotlarini mustaqil tasdiqlash qiyin bo‘lib qolmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qurolli kuchlari Odessa va Zaporojega dronlar orqali yalpi hujumlar qilgandi.
Live
Barchasi