Britaniya banklari Rossiya aktivlarini ishlatishdan bosh tortdi
Olam
−
17:21 1738 2 daqiqa
Kecha, 19 dekabr kuni Buyuk Britaniya banklari muzlatilgan Rossiya aktivlarini musodara qilishdan bosh tortdi. Xususan, Ukrainaga 8 milliard funt sterling o‘tkazilishi kerak edi. Bu rejani Bosh vazir Kir Starmer qo‘llab-quvvatlagan, ammo Britaniya banklari bunga qarshi chiqqan. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi rahbarlari muzlatilgan aktivlar masalasida kelisha olmaganidan so‘ng, Britaniya hukumati mamlakatdagi muzlatilgan 8 milliard funt sterling (9,1 milliard yevro) miqdoridagi Rossiya aktivlarini musodara qilish rejasidan voz kechgan.
Britaniya ommaviy axborot vositalari Ukrainaga yordam berish uchun muzlatilgan Rossiya aktivlarini musodara qilish rejalari haqida birinchi marta dekabr oyining boshida xabar bergan.
Bosh vazir Keir Starmer bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan, ammo Britaniya banklari bunga qarshi chiqqan. Endi hukumat vakili Buyuk Britaniya “bu masalada xalqaro hamkorlarsiz oldinga siljimaydi” deb aytmoqda. Bunga nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki Avstraliya va Kanada ham kiradi.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya Moliya vaziri Reychel Rivz mamlakat endi Ukraina uchun zarur bo‘lgan moliyalashtirishni ta’minlash uchun hamkorlar bilan “shoshilinch” ish olib borishini e’lon qilgan. Xususan, hukumat Jahon bankiga kafolat shartlarini o‘zgartirish va 2 milliard dollar (1,7 milliard yevro) miqdoridagi majburiyatni 2026 yilga ko‘chirish niyatida.
Ukraina hukumati mamlakat uchun muqobil moliyalashtirish variantlarini o‘z ichiga olgan “B rejasi” ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya Ukrainaga harbiy xarajatlar uchun yiliga 3 milliard funt sterling ajratishga sodiq qolmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Yevropa Kengashi Prezidenti Antonio Koshta Yevropa Ittifoqi sammiti ishtirokchilari 2026-2027 yillarda Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida moliyalashtirish berishga qaror qilganini e’lon qilgan. Mablag‘lar Yevropa Ittifoqi byudjeti tomonidan kafolatlangan umumiy qarz olish orqali ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp va Yevropa yetakchilari tortishib qolgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi