Ukrainadagi urushni to‘xtatish G‘azo bo‘yicha kelishuvdan ham murakkab – Tramp 

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi mojaroni hal qilish Yaqin Sharqdagi (G‘azo) tinchlik kelishuviga qaraganda ancha murakkab ekanini aytdi. Bu haqda u kecha, 7 oktyabr kuni Oq uyda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Prezidentga ko‘ra, u dastlab Ukraina masalasini “oson yechiladi” deb hisoblagan, bunga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yaxshi shaxsiy munosabatlari yordam beradi, deya o‘ylagan. Ammo uning tahminlari real hayotga zid kelgan. 

“Mening Putindan hafsalam pir bo‘ldi. Men bu mojaroni hal qilish oson bo‘ladi, deb o‘ylagan edim. Ammo bu Yaqin Sharqdagidan ham murakkab ekan. Nima bo‘lishini ko‘ramiz”, degan Oq uy rahbari. 

Jurnalistlar bilan muloqotda Tramp, shuningdek, yaqin orada Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan Janubiy Koreyada uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirayotganini bildirgan. Shuningdek, u AQSH hukumati ishida yuzaga kelgan uzilishlar uchun Demokratik partiyani ayblagan.

Qayd etish joiz, oxiri ko‘rinmayotgan Rossiya-Ukraina urushida Tramp neytrallik pozitsiyasidan voz kechib, endilikda Ukrainaga yon bosmoqda. Masalan, u 6 oktyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatida Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan Tomahawk qanotli raketalarini berish yoki bermaslik haqidagi qarorni deyarli qabul qilganini ma’lum qilgan. Rossiya esa bu raketalar ham Ukrainaga yordam berormasligini ta’kidlamoqda. Qolaversa, AQSH Ukrainaga Rossiya hududining chuqur qismiga zarbalar berish uchun zarur bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini taqdim etmoqchi. Prezident Tramp AQSH razvedka xizmatlari va Pentagonga Kiyevga bu yo‘nalishda yordam berishga ruxsat bergan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing