AQSH Xomanaiyni “taxt”dan ag‘darmoqchi
Tahlil
−
12 yanvar 2693 6 daqiqa
Eronda 2 haftadan ortiq davom etayotgan xalq qo‘zg‘oloni shafqatsiz tus oldi. Erondagi tartibsizliklarga AQSH va Isroil oshkora aralasha boshladi. Tramp tomoni Eron Oliy rahnomasi Oyatulloh ali Xomanaiyni hukumatdan ag‘darishga chorladi.
Eron bo‘ylab noroziliklar davom etmoqda va hozir namoyishlarning uchinchi haftasi davom yetmoqda. Jarayonlar dastlab iqtisodiy qiyinchiliklar – mamlakatdagi og‘ir inflyatsiya, milliy valyutaning qadrsizlanishi sabab boshlangan bo‘lsa, keyinchalik bu Oyatulloh rejimga qarshi keng ko‘lamli siyosiy harakatga aylandi. Eron hukumati 8 yanvardan boshlab mamlakatda internetni keng qamrovli uzib qo‘ydi, bu noroziliklar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ortidan amalga oshirildi. Ushbu internet blokirovkasi tarmoq monitoring guruhi tomonidan tasdiqlangan. Internetdan faqatgina yuqori lavozimli amaldorlargina foydalanishi mumkin. 10 yanvar kuni surgundagi sobiq shahzoda Rizo Pahlaviy AQSH Prezidenti Donald Trampdan mamlakatidagi ommaviy norozilik namoyishlariga aralashib, Oyatulloh rejimini ag‘darishda yordam berishni so‘radi. Shahzoda norozilik namoyishlariga chiqqan xalq qiynalayotganini iddao qilgan. Shahzoda odamlarni son jihatidan ustunlikka egaligini aytib, xavfsizlik kuchlariga qarshi chiqib, ozodlik uchun kurashishga chaqirgan.
“Xalq bugun nafaqat o‘q-dorilarga, balki aloqa uzilishi va internet, telefon aloqasining to‘liq to‘xtatilishiga duch kelmoqda”. Aynan shu kuni Londondagi Eron elchixonasida bir norozilik namoyishchisi baland qavatdagi balkoncha orqali elchixonaning rasmiy Islom Respublikasi bayrog‘ini yechib olib, uni Eronning 1979 yilgi Islom inqilobidan oldingi “Sher va Quyosh” bayrog‘i bilan almashtirdi. Bayroq bir necha daqiqa davomida ko‘tarilgan, keyin esa olib tashlangan. Politsiya bu shaxsni tezda noqonuniy joyga kirish bo‘yicha hibsga oldi.
11 yanvar kuni AQSH senatori Lindsi Grem Eron xalqiga murojaat qilib, ularga Amerika tomonidan yordam borayotganini, Tramp Eronni yana buyuk qilmoqchiligini aytdi. Senator, yaqin orada namoyishlarga chiqqan Eron xalqiga AQSH tomonidan ko‘mak borishi aytdi. Grem, shuningdek, tez fursatlarda Oyatulloh va uning sheriklarini hokimiyat tepasidan ag‘darishiga ishora qildi.
“Uzoq davom etgan dahshatli tushingiz tez orada tugaydi, yordam allaqachon yo‘lda. Sizning zulmga chek qo‘yishdagi jasoratingiz va qat’iyatingiz AQSH Prezidenti va erkinlikni sevuvchi barcha insonlar tomonidan e’tirof etildi.
Ba’zilar surgunda yashayotgan sobiq valiahd shahzoda Rizo Pahlaviyning qaytishini talab qilmoqda. Shu kuni Rizo Pahlaviy AQSHning “Fox” telekanalida yana Trampdan yordam so‘rab murojaat qildi.
“Eron xalqiga bildirgan birdamlik so‘zlaringiz va ma’muriyatingizning pozitsiyasi juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Umid qilamizki, bu merosni Eronni ozod etish orqali abadiy muhrlaymiz va biz ham, siz ham Eronni yana buyuk qila olamiz.”
Muxolif Rizo Pahlaviy mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari yangi bosqichga o‘tayotganini aytib, eronliklarga ularning yolg‘iz emasligini va yaqin vaqt ichida chetdan yordam kelishini ma’lum qildi.
“Men Islom Respublikasini ag‘darish va aziz Eronimizni qaytarib olish uchun milliy qo‘zg‘olonning yangi bosqichini e’lon qilaman. Eron ichida, shaharlarning markaziy ko‘chalarini egallab, ularni nazoratda ushlab turishdan tashqari, rejimning yolg‘on targ‘iboti va aloqa vositalarini uzib qo‘yish uchun mas’ul bo‘lgan barcha muassasa va idoralar qonuniy nishonlar hisoblanadi. Davlat muassasalari xodimlari hamda qurolli va xavfsizlik kuchlari a’zolari oldida imkoniyat bor: xalq tomoniga o‘tib, millat bilan bir safda turish yoki xalqqa qarshi qotillar bilan hamkorlikni tanlab, o‘zlariga millatning abadiy uyati va la’natini sotib olish”, degan u.
Shuningdek, Pahlaviy xorijdagi eronliklarga ham murojaat qilib, ularni Eron elchixonalarini ham qaytarib olishga chaqirgan va Islom inqilobidan oldingi milliy bayroqni – unda Islom Respublikasi ramzi o‘rniga sher tasviri bo‘lgan va markaziy chiziqda arab tilidagi “Allohu akbar” yozuvi bo‘lmagan bayroqni ko‘tarishni talab qilgan. Bundan tashqari, Pahlaviy xalqaro yordam ham yaqinlashayotganini aytgan. Barcha Eron elchixonalari va konsulliklari Eron xalqiga tegishlidir. Endi ularni Islom Respublikasining sharmandali bayrog‘i o‘rniga mamlakat milliy bayrog‘i bilan bezash vaqti keldi. Biz yolg‘iz emasmiz. Dunyo bo‘ylab yordam ham tez orada yetib keladi. Keyingi xabarlarimni kuting”, dedi Pahlaviy.
Eron esa bunga javoban AQSHni jiddiy ogohlantirdi. Parlament yig‘ilishida deputatlar “Amerikaga o‘lim!” deya hayqirishdi. Shuningdek, parlament Oq uy Eronga yana tahdid qilsa, Isroilni ham Qo‘shma Shtatlarni ham ayab o‘tirmasdan nishonga olishini aytdi.
“Xato hisob-kitob qilmasligingiz uchun shuni bilingki, Eronga hujum qilingan taqdirda Isroil ham, mintaqadagi AQSH harbiy bazalari ham biz uchun qonuniy nishon bo‘ladi. Xalq o‘z kelajagini o‘zi belgilaydi.”
Eron Prezidenti Mas’ud Pizishkiyon fuqarolarni milliy qarshilik marshida ishtirok etishga va zo‘ravonlikni qoralashga chaqirgan. U mamlakatni beqarorlashtirishga urinishlarga yo‘l qo‘ymasligini aytib, ommaviy noroziliklarni uyushtirishda AQSH va Isroilni ayblagan.
12 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Tehron AQSHning harbiy yoki tijorat ob’ektlariga hujum qiladigan bo‘lsa, Eron misli ko‘rilmagan darajada kuchli zarbalarga duch kelishini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron bunday hujumni amalga oshirsa, AQSH shunday kuch bilan javob beradiki, Tehron bunga ishonishi ham qiyin bo‘ladi. U Vashington ixtiyorida juda kuchli va qat’iy choralar mavjudligini ta’kidlagan. Prezident, shuningdek, Eron “qizil chiziq”ni kesib o‘tayotganini bildirib, AQSH bu holatga javob berish variantlarini, jumladan harbiy choralarni ham ko‘rib chiqayotganini bildirdi.
Eronga Amerika kuchlarining aralashuvi fonida, X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi Eron bayrog‘i o‘zgartirildi. Ya’ni Eronning hozirgi Islom Respublikasi bayrog‘i belgisi (emoji) o‘rniga 1979 yilgacha ishlatilgan “Sher va Quyosh” ramzi tushirildi. Bu o‘zgarish X kompaniyasining o‘zi tomonidan amalga oshirildi: xabarlarga ko‘ra, X’ning mahsulot bo‘yicha rahbari Nikita Biyerga bir foydalanuvchi bu bayroqni o‘zgartirish uchun murojaat qilgan va shu so‘rov asosida bir necha soatlar ichida Eron Islom Respublikasi bayrog‘i burungi bayroq emojiga yangilangan.
Hozirda Eron hukumati ilk bor namoyishlarni bostirish jarayonida dronlardan foydalanib, havodan kuzatuv orqali norozilik bildirayotganlarning shaxsini aniqlamoqda. Shu sababli halok bo‘lganlar va hibsga olinganlarning aniq sonini belgilash hozircha imkonsiz. Biroq Inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi bir guruh xodimlarning VVS’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Eronda hozirga qadar 500 nafar tinch aholi, 50 ga yaqin huquq-tartibot xodimi halok bo‘lgan. Minglab odamlar turli darajada tan jarohati olgan.
Mamlakatda kuch ishlatar tuzilmalarning harakatlari tobora shafqatsiz tus olmoqda. Bu namoyishlar avvalgilardan keskin farq qiladi va hukumat uchun kutilmagan bo‘ldi. Ayrim hollarda shifoxonalar ham xavfsiz emas: yaralangan namoyishchilar kuch tuzilmalari tomonidan olib ketilishi mumkin, ko‘plab holatlarda esa halok bo‘lganlarning jasadlari oila a’zolariga qaytarilmayapti. Namoyishlar davomida, jumladan, 23 yoshli talabani boshidan o‘q bilan o‘ldirilgani haqida xabarlar ham bor – bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
Qayd etish joizki, Eron bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabrdan beri, ya’ni 15 kundan buyon davom etmoqda. Internet o‘chirilgani va xavfsizlik kuchlarining qattiq choralariga qaramay, Tehron va boshqa yirik shaharlarda minglab odamlar ko‘chalarga chiqmoqda. Namoyishchilar qozon-tovoqlarni urib shovqin qilmoqda, “Xomanaiyga o‘lim” degan shiorlarni hayqirmoqda, avtomobil haydovchilari esa signal chalib, ularni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.