Isroil G‘azoda sulhdan keyin minglab binolarni vayron qildi
Olam
−
12 yanvar 2136 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning ishtirokida bundan ikki oydan ortiqroq vaqt oldin Isroil va HAMAS o‘rtasida tinchlik bitimi imzolangan edi. Mazkur sulh boshlanganidan beri Isroil G‘azoda 2 mingdan ortiq binoni buzib tashladi. Bu haqda Planet Labs sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida o‘tkazilgan tahlilga tayanib, “The New York Times” nashri xabar berdi.
O‘tgan 2025 yilning 30 oktyabrga o‘tar kechasi olingan videolavhada (sulh kuchda bo‘lgan paytda) G‘azo shahridagi Shejayya mahallasida – Isroil harbiylari nazoratidagi hududda – yirik miqyosdagi nazoratli portlatish amalga oshirilgani ko‘rinadi.
Sulh bitimiga muvofiq, Isroil harbiylari G‘azo hududi ichida kelishilgan maxsus chegara chizig‘igacha chekingan, biroq sektorni to‘liq tark etmagan. Shu sababli G‘azo sektorining qariyb yarmi hanuz Isroil nazorati ostida qolmoqda. Faqat qog‘ozlardagina mavjud bo‘lgan “tinchlik” kelishuviga erishilganidan beri amalga oshirilgan vayrongarchiliklarning asosiy qismi aynan shu Isroil nazoratidagi hududlarda sodir etilgan.
.jpg)
Biroq o‘nlab binolar HAMAS nazoratidagi hududlarda ham buzib tashlangan. Vaholanki, bu hududlarda Isroil harbiylari o‘z faoliyatini to‘xtatishga rozi bo‘lgan.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, sulhdan keyin Shejayya mahallasida dastlab saqlanib qolgan binolar bo‘lgan. Oradan oylar o‘tgach olingan suratlarda esa ushbu hudud deyarli butunlay vayronaga aylangani aks etgan. Ayrim hollarda buzg‘unchilik harakatlari kelishilgan chiziqdan taxminan 275 metr ichkarida amalga oshirilgan.
Ko‘plab inshootlar ikki yil davom etgan bombardimonlar oqibatida allaqachon og‘ir zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. BMT bahosiga ko‘ra, 2025 yil 11 oktyabr holatida G‘azodagi binolarning 80 foizdan ortig‘i shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan. U yerda yashagan odamlar ketma-ket evakuatsiya buyruqlari va janglar sabab ko‘chishga majbur bo‘lgan.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, keng ko‘lamli buzishlar “G‘azoni demilitarizatsiya qilish” doirasida amalga oshirilmoqda. Ularning aytishicha, sulhdan keyin harbiylar jangchilar foydalangan yerosti tunnellarini yo‘q qilgan, shuningdek minalashtirilgan binolarni buzib tashlagan.
Xabarda aytilishicha, ko‘plab falastinliklar Isroil ko‘plab mahallalarni yer bilan bitta qilib tashlayotganini, u yerda yashagan yoki mulk egasi bo‘lgan odamlarga e’tibor berilmayotganini aytmoqda.
G‘azoning sharqiy qismida – Isroil nazoratidagi hududlarda – sun’iy yo‘ldosh tasvirlari sulhdan keyin bloklar, qishloq xo‘jaligi yerlari va issiqxonalar to‘liq yo‘q qilinganini ko‘rsatmoqda.
AQSH yetakchisi Donald Trampning G‘azo urushini yakunlashga qaratilgan 20 banddan iborat rejasida “barcha harbiy va terror infratuzilmalari, jumladan tunnellar yo‘q qilinadi” deb yozilgan. Shu bilan birga, tomonlar barcha harbiy harakatlarni, jumladan havo va artilleriya zarbalarini to‘xtatishga ham kelishib olgan edi. Biroq bu gaplar o‘sha 20 bandlik hujjatlarda qolib ketdi.
Isroilning sobiq harbiy qo‘mondoni Shaul Arieli ham hatto buzishlar ko‘lamini tanqid qilgan.
“Bu tanlab yo‘q qilish emas – bu mutlaq vayronagarchilik”, degan u.
HAMASning yuqori martabali vakili Husam Badran esa Isroil harakatlarini sulh bitimining buzilishi deb atagan.
“Kelishuv aniq. Odamlarning uylarini buzish taqiqlangan. Bu dushmanona harakat”, degan Badran.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats xavfsizlik nuqtai nazaridan harbiylar hech qachon G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketmasligini va Falastin anklavida fuqarolik-harbiy armiya bo‘linmasi tashkil etilishini aytgandi.