Yangi Zelandiya Falastinni tan olishdan bosh tortdi
Olam
−
27 Sentabr 2025 7169 2 daqiqa
Yangi Zelandiya Falastinni davlat sifatida tan olishdan bosh tortdi. Bunga sabab Falastinning “davlat mezonlariga to‘liq javob bermasligi”. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Uinston Piters kecha, 26 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
“Yangi Zelandiya hukumati Falastin davlatini tan olish imkoniyatiga faqat bir marta ega. Shu bois, buni hozirgi emas, balki tinchlik va muzokaralar uchun ko‘proq imkoniyat bo‘ladigan sharoitda amalga oshirish oqilona bo‘ladi. Falastin umumqabul qilingan davlat mezonlariga to‘liq javob bermaydi, chunki o‘z hududi va aholisi ustidan to‘liq nazoratga ega emas”, deydi Piters.
Vazir, shuningdek, Yaqin Sharqdagi inqirozni “ikki davlat” formulasida hal qilish va Falastinni keng xalqaro tan olish o‘rtasida “bevosita bog‘liqlik yo‘qligini” aytib o‘tgan.
“Urushning davom etishi HAMASning mavjudligi va keyingi qadamlar bo‘yicha aniq tasavvurning yo‘qligi sharoitida bunday qaror qabul qilish uchun hozirgi vaqt mos emas deb hisoblaymiz”, deydi Piters.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Londonning Falastin davlatini tan olishini e’lon qilgandi. Avstraliya, Kanada va Portugaliya ham shunday bayonot berdi. Shuningdek, Fransiya, Belgiya va Lyuksemburg ham Falastinni tan oldi. Qator G‘arb davlatlarining Falastin davlatini tan olish haqidagi bayonotlari Isroil va AQSH tomonidan keskin rad etildi va qoralandi.
Live
Barchasi