Nyu-York politsiyasi yana bir Prezidentni tik oyoqda kutishga majbur qildi (video)
Olam
−
24 Sentabr 2025 17181 2 daqiqa
Nyu-York shahrida politsiya Amerika rahbari Donald Trampning korteji o‘tishi uchun Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kortejini to‘xtatdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi arafasida diplomatik kortejlar ishtirokida navbatdagi qiziq voqea Erdo‘g‘an bilan yuz berdi. Fransiya rahbari AQSH Prezidenti kortejiga yo‘l ochilishi uchun Nyu-York ko‘chalarida to‘xtatilganidan bir kun o‘tar-o‘tmas Erdo‘g‘an ham Tramp tomonidan “kamsitilgan” yana bir dunyo yetakchisiga aylandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Turkiya yetakchisining ko‘chada kutib turgani va qo‘riqchilari esa uni qurshab olganini ko‘rish mumkin. Erdo‘g‘anning munosabati fransiyalik mavqedoshi kabi xotirjamdek ko‘rinmagan. Shunday bo‘lsa-da, u Makrondan farqli o‘laroq, Oq uy rahbariga telefon qilib, “tanish-bilish” qilib yurmagan. Makron esa mashinadan tushib, Trampga sim qoqqandi.
2025 yilning 9 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi o‘z ishini boshladi. An’anaga muvofiq, sessiya doirasida yuqori darajadagi hafta tashkil etilmoqda. Umumiy siyosiy munozaralar 23–29 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT doirasida o‘tkazilgan “Falastin masalasiga yechim topish va ikki davlatli yechimni amalga oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi chiqishida G‘azodagi harakatlari uchun Isroilni qoralay boshlagan paytda uning mikrofoni o‘chirilgandi. U o‘z nutqida Falastin davlati tinchlikka erishib, to‘laqonli mustaqil bo‘lmaguncha, Turkiya kurashishda davom etishini aytdi. “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida esa Ukrainadagi urush tez orada tugashiga ishonmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Anqara Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik rolidan voz kechmasligini ma’lum qilgan.