Tramp 1 mln dollarlik oltin kartasini joriy qildi
Olam
−
20 Sentabr 2025 3885 2 daqiqa
AQSH hukumati xorijiy fuqarolarga mamlakatda yashash huquqini tezlashtirgan tartibda beradigan Trump Gold Card (“Trampning oltin kartasi”) dasturini ishga tushirdi. Bu haqda farmon kecha, 19 sentyabr kuni shaxsan mamlakat Prezidenti Donald Tramp tomonidan imzolandi.
Farmonga ko‘ra, xorijliklarga mamlakatda yashash huquqi Trump Gold Card orqali tezlashtirilgan tartibda 1 million dollar evaziga beriladi.
Trampning ta’kidlashicha, yangi dastur AQSH uchun “juda muvaffaqiyatli” va “sermahsul” bo‘ladi. Odamlar kelish uchun katta mablag‘ sarflaydi va bu orqali mamlakat byudjetiga milliardlab dollar kirib keladi. Bu mablag‘lar soliqlarni kamaytirishga, davlat qarzini yopishga va boshqa foydali ishlar uchun yo‘naltiriladi.
Oq uydagi marosimda Trampning yordamchilari dastur xorijiy fuqarolarga maxsus viza olish imkonini berishini aytgan. Ular AQSHni 1 million dollar bilan qo‘llab-quvvatlasa, tezlashtirilgan tartibda yashash huquqi oladi. Shuningdek, Amerika kompaniyasi ham o‘zining xorijiy xodimiga yashash huquqi berilishi uchun hukumatga 2 million dollar to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastur doirasida “Trump Platinum Card” (“Tramp Platina Kartasi”) ham joriy etilgan bo‘lib, uni olish uchun 5 million dollar to‘lash kerak. Bu kartaga ega bo‘lganlar chet elda topilgan daromadlari uchun AQSHda soliq to‘lamaydi.
AQSH Savdo vaziri Govard Lutnikning aytishicha, mazkur tashabbus mamlakatga biznes yaratadigan va amerikaliklarga ish o‘rinlari taqdim etadigan boy investorlarni jalb etadi. Unga ko‘ra, dastur orqali AQSH byudjetiga 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ tushishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Tramp H-1B turkumidagi vizalar bo‘yicha ham yangi qoidalarni imzoladi. Ushbu viza orqali AQSH kompaniyalari xorijiy mutaxassislarni yollashi mumkin. Endilikda kompaniyalar bu imkoniyatdan foydalanish uchun 100 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Tramp AQSHda boy xorijliklarga mamlakatda yashash va ishlash huquqini beruvchi “oltin kartalar” sotilishi haqida e’lon qilgan edi. Keyinroq esa AQSH Savdo vaziri Govard Lutnik bir kun ichida 1 000 ta “oltin karta” sotilganini va bu orqali hukumat 5 milliard dollar daromad qilganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi