O‘zbekistonliklarning Qozog‘istonda halok bo‘lgani yuzasidan Migratsiya agentligi munosabat bildirdi

3-sahifa

image

Avvalroq, Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi metall yig‘ish shoxobchasidagi portlash oqibatida 3 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Migratsiya agentligi munosabat bildirdi.

“2025 yil, 11 sentyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi, Olmaota viloyati, Ili tumani, Bayserke qishlog‘ida joylashgan LGN Metal korxonasida yuz bergan portlash oqibatida 3 nafar O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgani yuzasidan chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Iliy tumani politsiyasi tomonidan inson o‘limiga olib kelgan mehnat muhofazasi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Migratsiya agentligi tomonidan marhumlarning jasadlarini vatanga qaytarish uchun zarur rasmiylashtirish ishlari tashkil etilgan.

Marhumlarning yaqinlariga zarur amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududiy Migratsiya agentliklari mas’ul xodimlari biriktirilgan. Qozog‘iston tomoni bilan tergov jarayonida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Migratsiya agentligi marhumlarning oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Qayd etish joiz, rasmiy talqinga ko‘ra, metall qabul qilish jarayonida noma’lum buyum portlab ketgan. Tashkilot egasining aytishicha, metall orasida mina bo‘lgan bo‘lishi mumkin. “Nur.kz” nashrining yozishicha, voqea joyida kriminalistlar va Mudofaa vazirligi vakillari ishlamoqda. Hududga hech kim kiritilmayapti. Halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlangan. Ular ishchilar ekani va barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tataristonning Zainsk tumanida yuz bergan ayanchli avtohalokat oqibatida 3 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgandi. O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi ham ushbu ma’lumotlarni tasdiqlab, jasadlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlari bilan aloqa o‘rnatilganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston Olmaota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing