O‘zbekistondan Tojikistonga dori olib o‘tmoqchi bo‘lganlar ushlandi
3-sahifa
−
11 yanvar 3287 1 daqiqa
Tojikistonga noqonuniy olib ketilayotgan dori vositalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va Bojxona organlari xodimlari tomonidan Bekobod shahrida joylashgan “Farhod” chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasiga chiqib ketayotgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “Lochin” rusumli mototransport vositasi tegishli tartibda ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar ortidan uning tirkamasida oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirib qo‘yilgan va bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, taxminiy qiymati 1 mlrd 50 mln so‘mni tashkil etuvchi “Immunoglobulin”, “Ferritin” kabi jami 21 nomdagi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bildirilishicha, hozirda ushbu dori vositalariga nisbatan ekspertiza tekshiruvi tayinlanib, holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida giyohvandlik vositalarini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingandi.