Putin hali-beri o‘lmoqchi emas
Olam
−
13 Sentabr 14913 3 daqiqa
Rossiya Ilmiy jamg‘armasi tomonidan so‘nggi besh yil ichida qarish va umrni uzaytirish sohasidagi tadqiqotlarni moliyalashtirishga sakkiz baravar ko‘proq pul tikildi. Bu haqda “Novaya Yevropa” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jamg‘arma 2021–2025 yillarda qarish bilan bog‘liq fundamental tibbiy tadqiqotlar bo‘yicha 43 loyihani qo‘llab-quvvatlagan. 2016–2020 yillarda esa bu yo‘nalishda atigi yetti loyiha moliyalashtirilgan.
Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda bunday loyihalar uchun grantlar yiliga 4–7 million rublni (44–78 ming AQSH dollari) tashkil etmoqda. Moliyalashtirish muddati yana 1–2 yilga uzaytirilishi mumkin. 2017 yilda esa bu yuqoridagi ko‘rsatkich 3–6 million rubl (33–67 ming dollar) atrofida bo‘lgan.
Hisoblarga ko‘ra, 2016–2020 yillardagi 21 million rubl (233 ming dollar) bilan solishtirganda, 2021–2025 yillarda qarish bo‘yicha loyihalarga ajratilgan mablag‘ hajmi 172 million rublgacha (1,91 million dollar) ko‘tarilgan.
Ko‘plab loyihalar 2021–2023 yillarda moliyalashtirilgan – aynan shu davrda 34 ta ariza jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Masalan, fond tug‘ma immunitet mexanizmlarining qarish jarayoniga ta’sirini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotga, shuningdek, Alsgeymer kasalligi bilan bog‘liq o‘zgarishlarni aniqlash va uni oldini olish yo‘llarini izlashga grant ajratgan.
2025 yilda “qarish” kalit so‘zi bilan izlanganda, beshta tibbiy loyiha qo‘llab-quvvatlangan. Ular orasida hujayralarning kimyoviy preparatlar ta’sirida qarish bosqichida qayta bo‘linish qobiliyatini o‘rganish hamda gipotalamus neyronlari faoliyatidagi o‘zgarishlarni tahlil qilish kabi mavzular mavjud.
Shuningdek, “hujayralarning yangilanish jarayonlarini boshqarish”ga bag‘ishlangan loyiha ham moliyalashtirilgan. Uni ommaviy axborot vositalarida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning katta qizi Mariya Voronsova olib bormoqda.
Putin bir necha bor umrni uzaytirish va qarishga qarshi texnologiyalar mavzusiga qiziqishini ochiq bildirgan. Yaqinda, 3 sentyabr kuni Pekindagi harbiy parad paytida u Xitoy rahbari Si Szinpin bilan suhbatda bu asrda odamlar 150 yilgacha yashashi mumkinligi haqida fikr almashgan. Putin zamonaviy tibbiyot va texnologiyalar yordamida inson “o‘zini tobora yoshroq his qilishini va hattoki o‘lmaslikka erishishi mumkinligini” ta’kidlagan. Ularning suhbati kameraga muhrlangan.
Paraddan qaytganidan so‘ng u Krasnodar o‘lkasidagi laboratoriya majmuasiga tashrif buyurib, “yoshartiruvchi qulupnay” bilan tanishgan.
2024 yilda Putin “Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari” milliy loyihasini e’lon qilgan edi. Unda 2030 yilgacha 175 ming inson hayotini saqlab qolish masalasi qo‘yilgan bo‘lib, asosiy yo‘nalishlardan biri – qarishga qarshi tadqiqot va texnologiyalar hisoblanadi. Loyihaga biotexnologiyalar, neyrotexnologiyalar, biologik yoshni baholash, organlarni bioprinting qilish kabi yo‘nalishlar ham kiritilgan.
Biroq mutaxassislar bu tashabbuslarning amalga oshishiga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, bunday ilmiy yo‘nalishlar hali tasdiqlanmagan, resurs va infratuzilmalar yetishmovchiligi sababli loyiha ko‘proq ramziy tusga ega.
Live
Barchasi