Indoneziyada aholi isyon ko‘tardi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
30 avgust 6929 2 daqiqa
Joriy yilning 25 avgustidan beri Indoneziyada bo‘layotgan tartibsizliklar oqibatida kamida 4 kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, norozilik namoyishlari 25 avgust kuni Jakartada, indoneziyalik deputatlar har oy uy-joy xarajatlari uchun kompensatsiya olishlari haqidagi xabarlardan so‘ng boshlangan. Tanqidchilarning aytishicha, ayni paytda aholi narxlar, soliqlar va ishsizlikning oshishi bilan yuzlashishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Keyinchalik namoyishlar kengayib, keskinlashgan. Jakartada joriy yilning 28 avgust kuni norozilik aksiyasida kurer politsiya mashinasi urib yuborishi oqibatida halok bo‘lgan. Hokimiyatning xabar berishicha, bu voqea bo‘yicha 7 politsiyachi hibsga olingan va ular so‘roq qilinmoqda.

Namoyishlar va politsiya bilan to‘qnashuvlar Medan (Shimoliy Sumatra), Surakarta va Magelang (Markaziy Yava), Malang (Sharqiy Yava), Benkulu (Sumatra orolidagi Benkulu provinsiyasi), Pekanbaru (Sumatradagi Riau provinsiyasi) va Manokvari (G‘arbiy Papua) shaharlarida ham qayd etilgan.

Bandungda (G‘arbiy Yava) namoyishchilar mahalliy parlament binosini yoqib yuborgan, ammo jabrlanganlar haqida xabar berilmagan. Surabayada (Sharqiy Yava) namoyishchilar to‘siqlarni yorib o‘tib, mintaqaviy politsiya boshqarmasi shtabiga hujum qilgan, transport vositalarini yoqib yuborgan. Xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan, namoyishchilar esa yog‘och tayoqlar bilan qarshilik ko‘rsatgan.
Faqatgina Jakartaning o‘zida joriy yilning 28 avgust kuni 951 kishi hibsga olingan.
AP ma’lumotiga ko‘ra, namoyishchilar kecha, 29 avgust kuni kechqurun Janubiy Sulavesi provinsiyasi poytaxti Makasar shahrida ham mahalliy parlament binosini yoqib yuborgan. Bugun, 30 avgust kuni ertalab qutqaruvchilar binodan uch kishining jasadini olib chiqqan. Yana besh kishi kuyish yoki suyak sinishi jarohatlarini olgan. Ular yonayotgan binodan derazadan sakragan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 30 avgust kuni Jakartada osoyishtalik hukm surmoqda. Favqulodda xizmatlar yonib ketgan avtomobillarni yo‘llardan olib tashlash, avtobus bekatlari va politsiya idoralarini tozalash bilan shug‘ullanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentina Prezidenti Xaver Miley Buyenos-Ayres poytaxtidan janubda joylashgan Lomas-de-Samora shahrida saylovoldi tadbir chog‘ida toshbo‘ron qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi