O‘shda Lenin haykali buzib tashlandi. Rossiyaning javobi qanday? (video)
Olam
−
07 iyun 47176 2 daqiqa
Qirg‘izistonda Markaziy Osiyodagi eng baland Lenin haykallaridan biri – O‘sh shahridagi haykal buzib tashlandi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu haykal O‘sh shahar hokimligi qarori asosida olib tashlangan.
Shahar hokimligi matbuot xizmati hozircha haykal boshqa joyga ko‘chiriladimi yoki butunlay yo‘q qilinadimi – bu borada izoh bermagan.
Leninning ushbu haykali Markaziy Osiyo va butun dunyodagi eng baland haykallardan biri bo‘lib, uning balandligi 25 metr edi. Haykal 1975 yilda o‘rnatilgan.
“Kursiv” nashrining yozishicha, ushbu haykal yillar davomida O‘sh aholisi orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Ayrimlar uni buzishni talab qilgan bo‘lsa, boshqalar uni tarixiy-madaniy meros sifatida himoya qilgan.
Poytaxt Bishkekda bunga o‘xshash haykal 2003 yilda Ala-Too maydonidan olib tashlanib, Milliy tarixiy muzey binosi orqasiga ko‘chirilgan. Ushbu haykal 1984 yilda Qirg‘iz SSR tashkil topganining 60 yilligi munosabati bilan o‘rnatilgan edi.
Rossiya nashrlarining yozishicha, Qirg‘izistonda bunday harakatlar amalga oshirilayotgan bir vaqtda, Rossiyada sovet yetakchilariga bag‘ishlangan yangi haykallar ochilmoqda.
Masalan, Ulan-Ude shahrida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan birinchi marta Iosif Stalinning haykali ochilgan. U Vladimir Lenin va Karl Marksning byustlari yonida o‘rnatilgan.
Vologda shahrida ham mahalliy kommunistlar tashabbusi bilan G‘alabaning 80 yilligi arafasida Stalinning yana bir haykali ochilgan – bu ushbu viloyatdagi ikkinchi haykal bo‘lgan.
Yana bir qator OAVlar bu harakatni tarixga bog‘lab, “do‘stlik bog‘ichining uzilishi” deya izohlagan.
Live
Barchasi