Arxeologlar qadimiy shaharni topdi
Olam
−
05 iyun 6827 2 daqiqa
Iordaniyaning janubida, O‘lik dengiz sohiliga yaqin joyda arxeologlar qadimiy shaharning xarobalarini topdi. Bu haqda “Archaeology” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, arxeologlar ushbu shaharni tarixiy manbalarda tilga olingan, biroq hozirgacha aniqlanmagan Vizantiya davriga oid Tarais shahri deb hisoblamoqda.
Tarais o‘z davrida diniy va savdo markazi bo‘lgan, Rim va Vizantiya yo‘llarining kesishgan nuqtasida Iordaniyaning markaziy hududlari bilan bog‘lovchi yo‘l bo‘yida joylashgan. Shaharning tasviri VI asrga oid Madaba xaritasida saqlanib qolgan. Ushbu xarita Yaqin Sharqdagi eng qadimgi va eng mashhur xaritalardan biri hisoblanadi. Biroq ushbu xarita ham shaharning aniq joylashuvini ko‘rsatib bera olmagan.
Yangi tadqiqot doirasida xalqaro arxeologlar guruhi bir necha yil davomida zamonaviy Al-Iroq shahri yaqinida, O‘lik dengizning janubi-sharqiy chekkasida izlanish olib borib, qadimiy yozma manbalar va tarixiy yozuvlar asosida Taraisning xarobalarini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Ular bu yerda Vizantiya davriga oid xos keramika, yunon va lotin tillarida yozilgan epitafiyalar, mozaik pol parchalari, shuningdek Vizantiya cherkovi va boshqa inshootlarning qoldiqlarini topgan. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bu topilmalar shaharning Madaba xaritasida ko‘rsatilgan ob’ektlar bilan mos keladi.
Mutah universiteti olimlaridan birinig ta’kidlashicha, Tarais shahri nafaqat qishloq xo‘jaligi markazi bo‘lgan, balki u diniy muqaddas maskan va savdo bekati sifatida ham muhim rol o‘ynagan.
Ma’lumot uchun, Tarais shahri Vizantiya davriga oid bo‘lib, taxminan IV-VII asrlarda mavjud bo‘lgan deb hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonning Xatlon viloyatidagi Sarband qishlog‘ida olib borilayotgan arxeologik ishlar chog‘ida Kushonlar imperiyasiga tegishli tilla sirg‘a topilgandi.
Live
Barchasi