Zilziladan so‘ng Istanbul aholisi tunni ko‘chada o‘tkazdi (fotoreportaj)

Olam

image
Hozir eng oqilona ish – Istanbulni butunlay tark etish – seysmolog north_east

Hozir eng oqilona ish – Istanbulni butunlay tark etish – seysmolog

Istanbulda ro‘y bergan 6,2 magnitudali zilzila ortidan shahar aholisi o‘z uylariga qaytishni istamadi. Ko‘plab odamlar tunni ko‘chalarda, masjidlarda yoki dam olish hududlarida o‘zlari o‘rnatgan chodirlarda o‘tkazdi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

Fotih tumanidagi turli bog‘larda ba’zi odamlar chodirlarda tunashni tanladi, boshqalar esa yerga to‘shak solib u yerda yotdi. Ayrimlar mashinalarida uxladi – bu holatlar tasvirga ham olindi.

Istanbul gubernatori odamlar uchun masjidlarni tun bo‘yi ochiq holda saqlash haqida bayonot berganidan so‘ng, masjidlar ham xavfsiz tunash joyiga aylandi. Fotihdagi “Shehzade” masjidida fuqarolar uxlayotgani suratga olindi. Odamlar nafaqat zilzila xavfidan, balki sovuqdan ham saqlanishga harakat qildi.

Kag‘ithanedagi Hasbahche bog‘i va Zeytinburnu qirg‘og‘ida chodir tikkanlar o‘t yoqib ovqat tayyorladi. Ayrimlar uylaridan to‘shak, ko‘rpa va yostiqlarni olib kelib tayyorgarlik ko‘rdi, boshqalar esa o‘choq atrofida o‘ranib o‘tirdi. Bog‘dagi chodirlarda oilalar to‘planib, bolalar o‘ynadi.

“Men ko‘p qiyinchilik ko‘rdim, o‘sha paytda ishda edim. Birdan titrashni his qildim, avvaliga ekskavator ishlayapti deb o‘yladim. Keyin tashqariga chiqdim, binolar qulashini kutdim. Ochiq havoda ishlayotgan edim, atrofimda faqat binolar bor edi. Juda sovuq, muzlab qoldik”, dedi bog‘da tunagan Murad Toshdemir.

Mahalliy aholi vakili Erdal Dog‘an ham zilzila bo‘lishidan qo‘rqib ko‘chada tunagan.

“Zilzila vaqtida uyimizdan chiqib, bu yerga qochdik. Shu yerda kutyapmiz. Binolarga hech narsa bo‘lmasa ham, biz baribir ehtiyot uchun shu yerga keldik. Yana yer qimirlasa, yana shu yerga kelamiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq zilzila sabab Istanbul shahridagi maktab va universitetlarda ta’lim 2 kunga to‘xtatilgani xabar qilingandi.

Istanbulda zilzila

Kecha, 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. U Silivri tumani sohilida sodir bo‘lgan. Zilzila qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan. Zilzila epimarkazi 6,99 kilometr chuqurlikda joylashgan. Qolaversa, 6,2 magnitudali birinchi zilziladan keyin magnitudasi 3,1 dan 4,9 gacha bo‘lgan o‘nta aftershok qayd etildi. Soat 12:51 da yerosti silkinishi (5,9) qayd etilgan. Undan keyin 4,4, 4,8, 4,5 va 4,9 magnitudali zilzilalar kuzatilgan. 13:07 dan boshlab silkinishlar kuchi 3,4 dan 3,1 gacha pasayishni boshlagan. Mahalliy mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yerosti silkinishlari hali davom etishi mumkin.

Ushbu zilzilalar paytida 151 kishi qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Istanbul gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila oqibatida hech kim halok bo‘lmagan. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etayotgani va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing