O‘runov jarohat sabab 3 haftani o‘tkazib yuboradi – manba
Sport
−
23 aprel 2025 3163 1 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Eronning “Persepolis” klubi a’zosi Oston O‘runov jarohat sabab 2-3 haftani o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Bu haqda “Varzish3” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, dastlabki tekshiruvlardan keyin klub futbolchining jarohati haqidagi xulosani ma’lum qildi. Unga ko‘ra, O‘runov mushak qismining cho‘zilishi sabab 2-3 hafta davomida jamoaga yordam bera olmaydi.
Ma’lumot o‘rnida, o‘zbekistonlik vinger Eron Pro Ligasining 27-turidan o‘rin olgan “Sepaxon”ga qarshi bahsning 25-daqiqasida jarohat olib, almashtirildi.
Qayd etish kerak, avvalroq,futbolchi jarohat sabab uzoq muddatga safdan chiqqan edi hamda O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionati saralashidagi Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘yinlarini o‘tkazib yuborgan edi.