OAV xodimlariga tabrik yo‘llagan Mirziyoyev, Yulduz Usmonovaning maddohligi va “Bek to‘pi”dagi yong‘in va kunning muhim xabarlari sharhi

Jamiyat

image

Eh, mashshoqlar... Rashid Xoliqov ham Gulnoradan jabr ko‘rganini aytmoqda.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqov Yulduz Usmonovaning videomurojaati ostida o‘ziga xos post qoldirdi. Uning ma’lum qilishicha, Gulnoraning "gullagan davri"da unga nisbatan ham zug‘m o‘tkazilgan.

"Men ham ko‘p xizmatda bo‘lganman. Lekin, evaziga ikki yil "zapred"ga tushdim. Bugungi kunlar uchun Ollohimga ming shukur", deb yozgan Rashid Xoliqov.

Maddohlik ham evi bilanda: Yulduz Usmonova Gulnoradan zug‘um ko‘rganini aytib chiqdi.

Bir vaqtlar “saroy xonandasi” nomini olgan va Gulnora Karimova bilan o‘ta yaqin bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Karimovani qo‘llab-quvvatlayotgan xonandalarga qarshi chiqib, uni o‘g‘rilikda aybladi. Ijtimoiy tarmoqda bu ayblov videosi e’lon qilindi. 
“Men qaysi o‘g‘rini sog‘inishim kerak. A u o‘g‘ri-ku. Men qaysi o‘g‘rini sog‘inishim kerak, yig‘ishtiringlar, bunday hom-hatala gaplaringni”, deydi Usmonova. 

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning videomurojaatda aytganlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik ko‘plab kuzatuvchilar maddohlik sifatida baholayapti. Boisi Yulduz Usmonova Gulnora Karimova eng “gullagan” davrida uning eng yaqin dugonasi sifatida ko‘rilgan.
Hatto xonanda Gulisan deya, Gulnora Karimovani barcha ko‘ngillarga yaxshilik, iliqlik va quvonch ulashuvchi farishta sifatida madh etib, qo‘shiq ham kuylagan.

Yong‘in sodir bo‘lgan yirik bozor hududidan tezkor fotoreportaj.

Bugun, 27 iyun kuni Toshkent shahrida joylashgan yirik bozorlardan biri “Bek to‘pi” qurilish mollari bozorida katta yong‘in kelib chiqdi. 

“DYOXXning o‘t o‘chirish bo‘limi xodimlarining birinchi guruhi 16:11 da voqea joyiga yetib keldi. Yong‘in 16:38da qurshab olingan va 16:52da to‘liq bartaraf etildi”, deydi Chilonzor tumani yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Abdurahmon Ahmedov.

Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in natijasida jabrlanganlar yo‘q. Yuk saqlash omborlarida kelib chiqqan yong‘in 250 metr kv joyni qamrab olgan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va u keltirgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Gulnorani sog‘inganlar “O‘zbekkonsert”ga chaqirtirilib, suratlar o‘chirtirilyapti.

QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan xabarlarga qaraganda, ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga Gulnora Karimova bilan suratini joylashtirgan xonandalarga “O‘zbekkonsert” davlat muassasasidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan, ko‘plari muassasaga chaqirtirilgan. Ularga Gulnora Karimovani qo‘llab-quvvatlashga cheklov qo‘yilgan. 

QALAMPIR.UZ muxbiri “O‘zbekkonsert” DM Konsert-tomosha faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Sayfullayev bilan bog‘landi. U bo‘lib o‘tgan voqealar, xususan Gulnora Karimovaning suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishda qaysidir xonandaga cheklov qo‘yilgani haqida ma’lumoti yo‘qligini ma’lum qildi. 


Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga Prezident tabrigi.

Xabaringiz bor, bugun, 27 iyun kuni O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlanmoqda. Bayram munosabati bilan Toshkent shahridagi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

An’anaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigini yo‘lladi.

Tadbirda ushbu tabrikni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Yo siz keling, yo men boray.

AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning iyul oyida Turkiyaga tashrif amalga oshirishi kutilyapti. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yaponiyada o‘tayotgan “kuchli yigirmatalik” davlatlari sammitida ma’lum qildi.

Yana bir fuqaro metroda temir yo‘l izlariga yiqilib tushdi.

Bugun, 27 iyun kuni soat 09:20 lar atrofida Toshkent metropolitenning “Beruniy” bekatida platformaning chetida turgan, 1991 yilda tug‘ilgan Sh.D. temir yo‘l izlariga yiqilib tushgan.

Stansiya xodimlari tezlik bilan fuqaroga birinchi yordam ko‘rsatgan. Ma’lum qilinishicha fuqaro jiddiy jarohat olmagan. 

Toshkentda namanganlik 25 yoshli yigit metro relsiga yiqilib tushdi.

Kecha, 26 iyun kuni taxminan soat 17:00da Toshkent metropolitenining “O‘zbekiston” bekatida 25 yoshli yigit metro relsiga yiqilib tushgan. 

Toshkent metropoliteni matbuot xizmatining xabar berishicha, u Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 1994 yilda tug‘ilgan X. M. bo‘lgan.

Xabarda yiqilish fuqaro o‘zini nohush sezganligi oqibatida sodir bo‘lgani qayd etilgan. Yiqilish natijasida u jiddiy bo‘lmagan jarohat olgan. Hozirda uning hayoti xavf ostida emasligi aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

35

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing