“Tashkent City”ga borgan Mirziyoyev, masalasi oydinlashayotgan Qodirov,  Prezidentdan shafqat kutayotgan Karimova va kunning muhim xabarlari sharhi

Jamiyat

image

Mirziyoyev “Tashkent City”ga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 iyun kuni Tashkent City qurilish maydoniga tashrif buyurdi. 

Prezident kongress-xollga tutash qurilgan 21 qavatli, besh yulduzli Hilton mehmonxonasini ham kirib ko‘rdi. Shu yerda mahalliy va xorijiy investorlar bilan suhbatlashdi.

Davlat rahbari kongress-xoll va mehmonxonada yuqori darajada xizmat  ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib, muntazam daromad topishni ta’minlash, hududda barpo etiladigan istirohat bog‘ida o‘zbekistonliklar va turistlar uchun keng sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Toqayev portlashdan keyin Aris shahriga bordi.

Bugun 25 iyun kuni Qosim-Jomart Toqayev Aris shahriga bordi. U yerda Arisdan evakuatsiya qilingan aholi vakillari bilan uchrashgan hamda portlashda jabrlanib, shifoxonaga yotqizilganlarning holidan xabar olgan.

Qayd etilishicha, ombordagi yong‘inni o‘chirish ishlari portlashlar davom etayotgani sababli to‘xtab turibdi.

Gulnora Karimova Prezident Mirziyoyevdan shafqat kutayotganini aytdi.

Gulnora Karimova O‘zbekiston xalqiga murojaat yo‘llagani va kechirim so‘ragani haqida xabar bergan edik. To‘liq holdagi maktubda ahamiyatga molik jihat shundaki, Karimova o‘z murojaatida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomini ham zikr etgan. 

"...Shavkat Miromonovichning o‘zi xalqqa murojaatlaridan birida aytganidek, uni otamning o‘rinbosari va shogirdi sifatida bilaman. U bilan “Kelajak ovozi”, “Yangi avlod”, “Asrlar sadosi” va yana ko‘plab loyihalarda birga ishlaganmiz. Uning bag‘rikengligiga umid qilgan holda, tez orada bolalarim bilan ko‘rishish va davolanish imkoni bo‘ladi", degan Karimova. 

Sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov ishi bo‘yicha sud jarayoni tugagan.

O‘zbekiston Respublikasi sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov ishi bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ`ga Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.

“Toshkent shahar sudida Rashid Qodirov ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Hozirda ish bo‘yicha sudyalarning maslahatlashuvi davom etyapti. Yaqin vaqtlarda hukm e’lon qilinadi”, deya ma’lum qildi Matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, Sobiq bosh prokuror pora olish, talonchilik va lavozimini suiiste’mol qilishda ayblanyapti. Ushbu jinoyatlar bo‘yicha ayblanuvchiga 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

“Tagi puch iddaolar”: “Vaqf” fondi hunarmandlarning ustaxonadan haydalayotganiga izoh berdi.

Kecha, 24 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi Toshkent shahridagi “Baroqxon” madrasasidagi hunarmandlarni haydab chiqarayotgani haqida ustalar bilan uyushtirilgan video-suhbat tarqaldi.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi holatni o‘rganib chiqqan. Qayd etilishicha, Fond va “Baroqxon” madrasasida ishlayotgan hunarmandlar o‘rtasidagi munosabatlarga biryoqlama yondashilgan. Ushbu suhbatga Fond xodimlari ham, Madaniy meros inspeksiyasi mutaxassislari ham jalb etilmagan.

Kelgusida “Vaqf” fondi “Baroqxon” madrasasidan vaqf mulki sifatida va uning asl maqsad-vazifalariga mos shaklda aholimiz uchun zarur bo‘lgan Qur’oni Karim qiroatini o‘rgatish kabi o‘quv kurslarni tashkil etish hamda yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar, dunyo tan olgan muftiylar, din peshvolarining ilmiy meroslarini namoyish qilish rejalashtirilgan”, deyiladi Fond Matbuot xizmati bayonotida.

Hukumatning yana bir qarori kuchga kirmasdan o‘zgartiriladi...mi?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida IIV tomonidan ishlab chiqilgan Hukumat qarori muhokamaga qo‘yildi. Qaror bilan YPX xodimida videokamera bo‘lishi shartligini 1 iyuldan 2020 yil 1 yanvarga ko‘chirish belgilangan.

Shuningdek, haydovchilar YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va videolarni Internet jahon axborot tarmog‘iga o‘zining ruxsatisiz tarqatishi mumkin emasligito‘g‘risida band kiritilyapti.

Toshkentda yigit cho‘kayotgan qizni qutqarib qoldi.

Joriy yilning 24 iyun kuni soat 11:20 da 25 yoshli qiz D.M. ehtiyotsizlik oqibatida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Qichqiriq” kanaliga tushib ketgan.

Voqea joyidan o‘tib ketayotgan 27 yoshli M.A. qizni qutqarib qolgan. D.M. ga birinchi tez yordam ko‘rsatildi. Toshkent shahar IIBB qizni qutqarib qolishdagi jasorati uchun M.A.ni rag‘batlantirishga qaror qilgan.


Naqd pul bo‘yicha Prezident farmoni muhokamaga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini yanada erkinlashtirish hamda pul tushumlari ustidan jamoat nazoratini kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini yanada erkinlashtirish, uning hajmini keskin oshirish, hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ushbu sohadagi pul aylanmasi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali byudjet daromadlariga qo‘shimcha manbalarni jalb etilishiga erishish asosiy maqsad.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

25

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing