Ozarbayjon Qorabog‘ga keng ko‘lamli hujumni boshladi. Eron Baku va Yerevanni ogohlantirdi

Olam

image

Armaniston Respublikasi Mudofaa vazirligi bugun, 6 oktyabr kuni tushdan keyin Ozarbayjon Qurolli Kuchlari tomonidan Tog‘li Qorabog‘ning janubida keng ko‘lamli hujum boshlanganini e’lon qildi. 

“Arsax Mudofaa armiyasining (tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi – tahr.) ma’lumotlariga ko‘ra, tushdan keyin dushman qurolli kuchlari zaxira kuchlari, ko‘plab harbiy texnika, shu jumladan tanklar va artilleriya vositalaridan foydalangan holda, aloqa chizig‘ining janubiy yo‘nalishida keng ko‘lamli hujumni boshladi. Dushman qo‘shni Eron hududi xavfsizligini ham e’tiborsiz qoldirmoqda”, deb yozgan Armaniston Mudofaa vazirligi Matbuot kotibi Shushan Stepanyan o‘zining Facebook sahifasida.

Armaniston Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Ozarbayjon Qurolli Kuchlari “Turkiya tashqi ishlar vazirining Bakuga tashrifi chog‘ida va YeXHTga hamraislik qilayotgan mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlari tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish muhimligi to‘g‘risidagi bayonoti e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach” hujumlarni boshlagan.

Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar qo‘shni Eronga ham ta’sir qilmay qolmadi. Eron Mudofaa vaziriAmir Xotami Ozarbayjon va Armanistonni biror snaryad o‘z hududiga tushsa, oddiy ogohlantirishdan ko‘ra jiddiyroq chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

“Fuqarolarimiz hayoti va Eronning muqaddas yerlarining xavfsizligi favqulodda muhim masala. Snaryadlar loqaydlik sabab bizning yerlarimizga tushishiga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tog‘li Qorabog‘da kurashayotganlar yana shunday xatolikka yo‘l qo‘ysa, Eron nisbatan keng choralarni amalga oshiradi”, degan Xotami.

Kecha, 5 oktyabr kuni “Tasnim” agentligi Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy to‘qnashuvlar vaqtida uchirilgan bir qancha snaryad Eron hududiga tushganini ma’lum qilgandi. Snaryad chegara hududidagi Xoda-Afarin aholi punkti yaqiniga tushgan va natijada 6 yashar bola jabrlangan. Shuningdek, bir qancha uy va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga zarar yetgan.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

541

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing