Aliyev Armanistonga qurol yetkazib berilayotganidan xavotirda. U Putinga hasrat qildi

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyadan Armanistonga qurol-yaroq yetkazib berilayotgandan xavotirda. U bugun, 13 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, shu masalani ko‘ndalang qo‘ygan. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ilhom Aliyev suhbat avvalida Vladimir Putinga joriy yilning 12-16 iyul kunlari Tovuz rayoni yo‘nalishida Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasida kelib chiqqan fitna haqida axborot bergan. Prezident qurolli to‘qnashuv natijasida Ozarbayjon Respublikasi Qurolli kuchlarining harbiy xizmatchilari va bir nafar tinch aholi vakili qurbon bo‘lganini ta’kidlagan. Prezident Ilhom Aliyev Armaniston qurolli kuchlari chegaradosh qishloqlar va aholi punktlarini artilleriya bilan o‘qqa tutishi natijasida ko‘plab uylar vayron bo‘lgani va foydalanishga yaroqsiz holga kelganini aytgan. 

Prezident Ilhom Aliyev Armanistonga qilingan ushbu harbiy hujumning asosiy maqsadi Armaniston-Ozarbayjon mojarosiga uchinchi tomonlarni jalb qilish ekanligini aytgan. 

Davlat rahbari Rossiya Prezidentiga Armaniston-Ozarbayjon chegarasida to‘qnashuvlar tugaganidan keyin – 17 iyuldan hozirgi kungacha Rossiyadan Armanistonga harbiy yuklarni yetkazib berishning kuchayishi Ozarbayjon jamoatchiligini tashvishga solayotgani va jiddiy savollarni keltirib chiqarayotganini bildirgan. 

Prezident Ilhom Aliyev Armaniston-Ozarbayjon chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlardan so‘ng darhol Qozog‘iston, Turkmaniston va Eron Islom Respublikasi havo bo‘shlig‘idan foydalangan holda Rossiyadan Armanistonga olib o‘tilgan harbiy yuklarning hajmi bugungi kungacha 400 tonnadan oshganini ta’kidladi. Telefon qo‘ng‘irog‘idan asosiy maqsadi masalani oydinlashtirish ekanligini ochiqladi. 

Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot haqidagi xabarda Putinning Aliyevga qanday javob bilan yuzlangani haqida ma’lumot berilmagan. 

“Telefon orqali suhbat davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi va barcha sohalarda Ozarbayjon-Rossiya hamkorligini yanada kuchaytirishga kelishib olindi. 

Prezident Ilhom Aliyev Vladimir Putinni COVID-19 vaksinasini Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgani bilan tabrikladi”, deyiladi xabar so‘ngida. 

Ma’lumot uchun, ikki davlat chegarasidagi vaziyat 12 iyul kuni keskinlashdi. Ozarbayjonda Armaniston Qurolli kuchlari hujumga o‘tgani aytildi. Rasmiy Yerevan ham ozarbayjonlik askarlar hujumga o‘tganini sabab qilib ko‘rsatdi. Hozirgacha rasmiy Baku 12 nafar harbiy jumladan general-mayor Po‘lat Gashimov ham halok bo‘lganini bildirdi. Yerevan esa 4 qurbon va 10 jarohatlangan askar haqida ma’lumot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ilhom Aliev Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

206

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing