Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Ozarbayjon Prezidentiga Mirziyoyevning salomini yetkazdi

Jamiyat

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 1 may kuni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning musulmon diniy yetakchilaridan iborat delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarovdan tashqari Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi Navro‘zboy Otpenov, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi Abdulaziz Zokirov, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi diniy ishlar bo‘limi rahbari Ahmet Unsal ham bor.

Uchrashuvda VI Butunjahon madaniyatlararo muloqot forumining ahamiyati haqida so‘z yuritilgan. Mazkur tadbir xalqlar va turli din vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgani ma’lum qilingan.

“Prezident Ilhom Aliyev turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlari muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini ta’kidlab, shu bilan birga, ushbu mamlakatlar diniy yetakchilari o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini qayd etdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, uchrashuv davomida mehmonlarning ishg‘oldan ozod qilingan hududlarga tashrifi muhimligiga to‘xtalib, bu tashrif u yerda kechayotgan jarayonlar bilan yaqindan tanishish uchun qulay imkoniyat yaratishi bildirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov Ozarbayjon yetakchisiga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazgan. 2023 yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi chog‘ida Fuzuliy shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan 1-raqamli Mirzo Ulug‘bek nomidagi o‘rta maktab foydalanishga topshirilgani esga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom olami uyushmasi Oliy kengashi a’zoligiga qabul qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Turkiy davlatlar tashkiloti Nuriddin Xoliqnazarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made