O‘zbekiston Qirg‘izistondagi voqealardan jiddiy tashvishdaligini bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston Respublikasi parlamentiga o‘tkazilgan saylovlardan keyin mamlakatda yuz berayotgan tartibsizlarga nisbatan munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, rasmiy Toshkent Qirg‘izistondagi vaziyatdan jiddiy tashvishda.

“Qirg‘iz Respublikasida yuzaga kelgan keskin vaziyat va voqealar rivoji O‘zbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. 

O‘zbekiston yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘izistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi. 

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da rivojlantirish hamda mustahkamlashga qat’iy sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. 

Qirg‘izistonning barqarorligi va mustahkam rivojlanishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va farovonligining muhim omili hisoblanadi. 

Hozirgi murakkab vaziyatda biz O‘zbekistonda ko‘p asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari,  umumiy madaniy hamda ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan birodar Qirg‘iziston xalqiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz”, deyiladi bayonotda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

422

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made