Tramp, Putin va Saudiya podshohi neft masalasida suhbatlashib oldi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi matbuot anjumani vaqtida 9 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdul Aziz bilan telefon orqali muzokara o‘tkazganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot juda ijobiy bo‘lgan.

Trampning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda Rossiya va Saudiya Arabistoni bir-biri bilan tortishib, neft qazib olishni kamaytirmagan. Bu bozorda neftning ko‘payib ketishi va zaxiralarning to‘lishiga olib kelgan.

“Uning shunchasi kerakmas. Axir, siz ko‘rib turibsizku, koronavirus sharoitida mashinalarda harakatlanmay qo‘yishdi”, degan Tramp.

AQSH rahbari Rossiya va Saudiya mojaroni davom ettirishi haqidagi savolga javoban tomonlar kelishuvga yaqin qolganini aytdi.

“Ko‘ramiz, endi nima bo‘ladi. Ehtimol, hammasi yaxshi bo‘lar, balki yo‘q. Lekin suhbat yaxshi bo‘ldi, umid qilamanki, kelishuvga erishiladi”, deya qo‘shimcha qildi Donald Tramp.

Kreml ham telefon muloqoti haqida ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donald Tramp va Salmon bin Abdul Aziz bilan muloqoti vaqtida neft bozoridagi vaziyat hamda OPEC+ ning vazirlar darajasidagi navbatdan tashqari yig‘ilishini muhokama qilgan. 

Shuningdek, muloqot chog‘ida uch davlat rahbarlari “Katta yigirmatalik” (G20) davlatlari Energetika vazirlarining videoanjumani haqida suhbatlashgan. Yetakchilar global neft savdosini barqarorlashtirish va uning dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sirining oldini olish uchun harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishgan.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda OPEC+ davlatlari o‘rtasida kunlik neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Tomonlar hozircha aniq natijaga erisha olmagan. Ammo natija bo‘lishi kutilyapti. 


Maqola muallifi

Teglar

neft' OPEC

Baholaganlar

146

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing