O‘zbekiston qozoq neftidan voz kechmoqda. Bunga sabab nima?

Jamiyat

image

O‘zbekiston endi Qozog‘istondan emas, balki Rossiyadan neft sotib olishni afzal ko‘ryapti. Bu haqda bugun, 19 aprel kuni neft-gaz sohasi mutaxassisi Oleg Chervinskiyga tayanib, “Orda.kz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning boshida O‘zbekiston Qozog‘iston nefti importini deyarli ikki barobarga qisqartirgan. Bunga Rossiyadan kelayotgan neft sifatli va ancha arzonga tushishi sabab bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragida Qozog‘istondan temiryo‘l orqali O‘zbekistonga (asosan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga) 15,2 ming tonna neft eksport qilingan. O‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 25,6 ming tonnani tashkil qilgan.

Shu bilan birga, Rossiyaning “Gazprom neft” kompaniyasi 2024 yilning birinchi choragida Qozog‘iston hududidan tranzit quvur orqali O‘zbekistonga 75 ming tonna neft jo‘natgan. Bu bir yil oldingiga nisbatan qariyb yetti baravar ko‘p – 2023 yilda bu ko‘rsatkich 10,7 ming tonnani tashkil etgandi.

“Umuman olganda, Rossiya 2024 yilda O‘zbekistonga 550 ming tonnagacha neft jo‘natish niyatida. Bu 2023 yilga nisbatan uch yarim barobar ko‘pdir (154,3 ming tonna). Sodda qilib aytganda O‘zbekiston qozoq nefti o‘rniga Qozog‘iston hududi orqali o‘tadigan Rossiya neftini sotib olishni afzal ko‘ryapti”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, raqamlarning o‘sishiga yanada hamyonbop narxlar sabab bo‘lgan. Agar, Qozog‘iston nefti O‘zbekistonga Shimoliy dengizdagi neftga nisbatan bir barreli uchun sakkiz-to‘qqiz dollar chegirma bilan yetkazib berilsa, Rossiya neftiga chegirma bir barrel uchun 11–12 dollarga yetadi.

“Ayni paytda Qozog‘iston Rossiya neft va gazining O‘zbekistonga tranzitini rag‘batlantiradi. 2023 yil iyun oyida mamlakat Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini O‘zbekistonga tashish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Shu bilan birga, Rossiya neftining O‘zbekistonga tranziti hajmi 10 million tonnagacha oshirilgan”, deydi mutaxassis.

Rayhona Ulkanbayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing