May oyigacha gaz va elektr tariflari oshiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda neft, gaz va elektr energetika sohasida tarif islohotlari amalga oshiriladi. Islohot doirasida 2024 yilning may oyiga qadar O‘zbekistonda elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz uchun tariflarni tannarxdan past bo‘lmagan darajaga oshirish loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda 2024 yilga mo‘ljallangan davlat dasturida ma’lum qilingan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektr energiyasi va gaz narxlarini belgilashda “ijtimoiy me’yor” tizimi joriy etiladi. 

O‘tgan yili Energetika vazirligi elektr va gaz aholiga o‘z tannarxidan past qiymatda yetkazib berilayotgani, bir yilda o‘rtacha 1,15 mlrd dollar mablag‘ aholi xonadonlarining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanayotganini ma’lum qilgan edi. 

“Demak, bir oyda o‘rtacha 200 kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham, davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 135 ming so‘mdan subsidiya bermoqda. Mamlakatdagi iste’molchilar soni esa 7,4 million xonadonni tashkil etadi.

Xuddi shunday, 1 kub metr gaz tannarxi 1 890 so‘m bo‘lsa, isitish mavsumida 750 kub metr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 132 ming so‘m subsidiya olmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi gaz iste’molchilarining jami soni 4,1 million xonadonni tashkil qiladi”, degan edi vazirlik. 

Tariflarni tannarxdan past bo‘lmagan miqdorga oshirish uchun Energetika vazirligi va Milliy ijtimoiy himoya agentligi mas’ul etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Energetika vazirligi QALAMPIR.UZ'ga davlat iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlay olsagina uning narxi tannarxidan oshirilishini, narx mo‘ljali 450-500 so‘m bo‘lishini aytgan edi.

Hozirda 1 kVt/soat elektr narxi: 

  •  aholi uchun – 295 so‘m;
  •  I va II guruh iste’molchilari (Navoiy KMK, Olmaliq KMK, “O‘zmetkombinat” va ularning tarkibiy korxonalari, byudjet tashkilotlari, shuningdek, nasos stansiyalari) uchun – 1000 so‘m;
  •  boshqa yuridik shaxslar (kompaniyalar) uchun – 900 so‘m.

1 kubometr tabiiy gaz narxi:

  •  aholi uchun – 380 so‘m;
  •  Navoiy KMK, Olmaliq KMK, “O‘zmetkombinat” va byudjet tashkilotlari uchun – 1800 so‘m;
  •  boshqa yuridik shaxslar uchun – 1500 so‘m.

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

elektr gaz neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing