Husanov 50 daqiqa o‘ynagan bahsda “Manchester Siti” g‘alaba qozondi

Sport

−

image

“Manchester Siti” o‘z uyida “Chelsi”dan ustun keldi. O‘yinda o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi. 

Angliya Premer ligasi 23-turi doirasida “Manchester Siti” “Chelsi”ni qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. 

Uchrashuvning 2-daqiqasidayoq Abduqodir Husanovning xatosidan keyin londonliklar futbolchisi Madueke hisobni ochdi. So‘ng Abduqodir 4-daqiqada Palmerga nisbatan qoida buzib, sariq kartochka bilan jazolandi. Goldan keyin Husanov muxlislar olqishi va jamoadoshlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘ziga keldi va Jekson tepgan to‘pni qaytarib, klubini yaqqol goldan qutqardi. 

42-daqiqada Yoshko Gvardiol hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi taym boshida, ya’ni 52-daqiqada murabbiy Gvardiola tomonidan Husanov Stouns bilan almashtirildi. 68-daqiqada Edersonning uzatmasidan so‘ng Xoland maydon egalarini hisobda oldinga olib chiqdi. 86-daqiqada Foden ham o‘z ismini tabloga yozdirib qo‘ydi. Shu tariqa “shaharliklar” “aristokratlar”ni 3:1 hisobida mag‘lub etib, turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Chelsi” esa 6-o‘ringa tushib ketdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing