Zo‘ravonliklar tufayli Tel-Aviv derbisi bekor qilindi

Sport

image

Kecha, 19 oktyabr kuni Tel-Avivdagi “Blumfild” stadionida o‘tkazilgan “Hapoel Tel-Aviv” va “Makkabi Tel-Aviv” o‘rtasidagi derbi o‘yini muxlislar zo‘ravonligi hamda pirotexnika vositalarining keng qo‘llanilishi sabab to‘xtatildi. Bu haqda “Israel national news” nashri xabar berdi.

Isroil politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 19 oktyabr kuni kechqurun stadion tribunalarida o‘nlab tutunli granatalar va salyutlar otilgan. O‘yin rasman boshlanishidan avval ham muxlislar o‘rtasida tartibsizliklar kuzatilib, jami 48 ta tutunli granata va 52 ta pirotexnika vositasi uloqtirilgan.

Tartibsizliklar vaqtida 9 kishi hibsga olingan, yana 16 kishi vaqtincha ushlangan. Politsiya xabariga ko‘ra, 3 nafar huquqni muhofaza qilish xodimi va 12 nafar tinch fuqaro tan jarohati olgan.

Zich tutun maydonni to‘liq qoplagach, hakamlar futbolchilarga kiyinish xonalariga qaytishni buyurdi. Oradan ko‘p o‘tmay, xavfsizlik sababli o‘yinni to‘xtatish va butunlay bekor qilish qarori qabul qilindi.

 “G‘alayonlar, narsalarni uloqtirish, tutunli granatalar va salyutlar – bular futbol emas, bu jiddiy ommaviy tartibsizlik va zo‘ravonlikdir. Inson hayoti xavf ostida qolgani bois, o‘yin o‘tkazilishiga ruxsat berilmadi”, deyiladi politsiya bayonotida.

Tel-Aviv derbisidagi tartibsizliklarga ikki klub muxlislari o‘rtasidagi uzoq yillik raqobat, siyosiy qarama-qarshilik va o‘yin oldidan pirotexnika vositalarining yashirincha olib kirilishi sabab bo‘lganligi aytilmoqda. Politsiya kuzatuvidagi kamchiliklar ham vaziyatning nazoratdan chiqishiga olib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Makkabi Tel-Aviv” jamoasi muxlislariga Yevropa Ligasi doirasidagi “Aston Villa”ga qarshi o‘yinga kirishga ruxsat berilmagani haqida xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Tel'-Aviv Blumfild

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing