Ziroat Mirziyoyevadan Roza Otunboyevagacha. Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari ro‘yxati tuzildi
Jamiyat
−
20 dekabr 2023
16387O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi – “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan tuzilgan TOP-40: Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari ro‘yxatida peshqadam bo‘ldi. Shuningdek, ushbu ro‘yxatdan uning qizi – O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham o‘rin oldi.
“Yuksalish”ning qayd etishicha, ushbu reytingga kiritilgan ayollar mintaqada turli sohalarga, shu jumladan siyosat, biznes, ta’lim, fan, san’at va ijtimoiy masalalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
“Nomzodlar ro‘yxati shakllantirilgach, Harakatning mintaqa miqyosidagi ekspertlar guruhiga taqdim etildi. Ekspertlar nomzodlarni ham matematik, ham empirik metodlarga tayangan holda saraladi”, deyiladi xabarda.
Ro‘yxatning ikkinchi va uchinchi o‘rinlarini mos ravishda Qirg‘iziston birinchi xonimi Aygul Japarova va Tojikiston birinchi xonimi Azizmo Asadullayeva band etgan. Keyingi o‘rin esa O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyevaga nasib qilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoning barcha respublikalari parlamentlarida rais va rais o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelayotgan ayollar mazkur reytingga kiritilgan.
Ro‘yxatda birinchi xonimlardan keyin e’tirof etilgan Tanzila Norboyevaga nisbatan “Yuksalish” shunday ta’rif bergan:
“Ekspertlarning ta’kidlashicha, Tanzila Norboyeva O‘zbekiston tarixida Senatga raislik qilayotgan ilk ayol. Bungacha u Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. “Shuhrat” medali, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2019 yilda “Eng faol davlat arbobi – O‘zbekistonda yil odami” cifatida e’tirof etilgan”.
2010 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan va tarixga “O‘sh voqealari” nomi bilan kirgan qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaroning asosiy aybdorlari ro‘yxati boshida qo‘li qonga botgan rahbar sifatida ko‘riladigan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza Otunboyeva ham “Yuksalish” tuzgan ro‘yxatdan joy olgan. Ayni vaqtda u BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi rahbari bo‘lib faoliyat yuritmoqda. “Yuksalish” Roza Otunboyevaning ushbu ro‘yxatga kiritilgani bo‘yicha paydo bo‘ladigan e’tirozlarga avvaldan javob bergandek, uni quyidagicha alqagan:
“Roza Otunboyeva Markaziy Osiyodagi birinchi ayol prezident. Bugunda Qirg‘iz Respublikasi rivojiga ko‘p tomonlama hissa qo‘shayotgan “Roza Otunboyeva tashabbusi” jamoat fondi asoschisi. U yetakchilik, diplomatiya, faol fuqarolik va xalqaro hamkorlik sohalarida 35 yildan ortiq kasbiy tajribaga ega. Fuqarolik jamiyati, davlat va xususiy sektorlar hayotini yaxshilashga qo‘shgan hissasi uchun Quvayt mukofoti bilan taqdirlangan”.
Garchi Markaziy Osiyo xalqlari orasida qozoq, qirg‘iz, tojik, turman va o‘zbek tillaridagi qo‘shiqlari va gastrol konsertlari soni va mashhurligi bilan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova yetakchilik qilsa-da, ro‘yxatga negadir O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon kiritilgan. Nazarxonning esa o‘zbek va rus tillaridan boshqa tillarda qo‘shiq kuylagani ma’lum emas.
Ro‘yxatga Tojikiston Prezidentining qizi – Prezidentning ijroiya apparati rahbari Ozoda Rahmon ham kiritilgan.
“Ozoda Rahmon Tojikiston hukumatida yuqori lavozimlardagi faoliyatidan tashqari, o‘zining xayriya ishlari, mamlakatda ayollar huquqlari va ta’lim sohasidagi islohotlarga ta’sir ko‘rsatishi bilan tanilgan”, deyiladi “Yuksalish” izohida.
LiveBarchasi