Venesuela vayron bo‘ldi. Qo‘shaloq zilzila sabab qurbonlar ko‘payyapti
Tahlil
−
25 iyun 1719 5 daqiqa
Kecha kechqurun Venesuelada ikkita kuchli zilzila yuz berdi. Oqibatda mamlakat poytaxti Karakas shahrida turar joy binolari va boshqa inshootlar qulab tushgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida, kamida 32 kishi halok bo‘ldi va 700 ga yaqin odam jarohat olgan.
7,5 magnitudali ikkinchi zilzila Janubiy Amerika mamlakatida yuz yil ichida sodir bo‘lgan eng kuchli zilzila deb baholanmoqda.
Tarmoqlarda Venesuela aholisi sarosimadan ko‘chalarda yugurgani aks etgan videolar tarqalmoqda. Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodriges favqulodda holat e’lon qildi va aeroport, temir yo‘l va transport xizmatlari to‘xtatilganini aytdi.
Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolib ketgan odamlarni topishga harakat qilmoqda.
Karakasni vayronaga aylantirgan zilzila
Joriy yilning 24 iyun kuni mahaliy vaqt bilan soat 18:04 da Venesuela poytaxti Karakasni larzaga keltirgan ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Birinchisi 7,2 magnitudali zilzila bo‘lib, uning epitsentri Karib dengizi sohilida joylashgan Moron shahridan 28 kilometr g‘arbda, Karakasdan esa taxminan 168 kilometr uzoqlikda kuzatilgan. Zilzila o‘chog‘i 22 kilometr chuqurlikda joylashgan. 39 soniyadan so‘ng yana 7,5 magnitudali kuchli zilzila sodir bolgan. Ikkinchi zilzilaning epitsentri Morondan 16 kilometr uzoqlikda, o‘chog‘i esa 10 kilometr chuqurlikda qayd etilgan.
Venesuela Ichki ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, zilzilalar oqibatida Karakasda bir qator binolar vayron bo‘lgan.
Mamlakatning vaqtincha prezidenti Delsi Rodriges mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilgan. AQSH Geologiya xizmati esa tabiiy ofat oqibatida qurbonlar soni 10 mingdan 100 ming nafargacha yetishi mumkinligi haqida prognoz bergan. Rodrigesning so‘zlariga ko‘ra, kamida 32 kishi halok bo‘lgan va 700 kishi jarohatlangan. Qutqaruv ishlari davom etar ekan, qurbonlar soni ortishi mumkin. Venesuela Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabeloning aytishicha, yong‘in-qutqaruv xizmati va politsiya vayronagarchilik oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanmoqda. U halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, Karakasdagi ko‘plab aholi binolarning mustahkamligiga ishonch qolmagani sababli ularni tark etgan. Ko‘chalarda qulab tushgan devorlar ortidan uy jihozlari ko‘rinib qolgani odamlarni qattiq sarosimaga solgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Karakas aeroporti va Karib dengizi sohilidagi La-Guayra portida yuz bergan vayronagarchiliklar aks etgan videolar tarqaldi. Keyinroq, Delsi Rodriges zilzila sababli aeroport yopilganini tasdiqladi. Uning ma’lum qilishicha, ikkita kuchli zilziladan so‘ng, yana 20 ta yer silkinishi (aftershok) kuzatilgan. Venesuela parlamenti 25 iyunga belgilangan yalpi majlisini bekor qildi.
Zararning to‘liq miqyosi hali baholanmagan, biroq fotosuratlar va videolarda vayronaga aylangan ko‘plab binolarni ko‘rish mumkin.
Delsi Rodrigesning ko‘rsatmasiga ko‘ra, zilziladan so‘ng Karakas metrosi o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi, shaharda gaz ta’minoti ham uzildi. Internet tarmoqlarida ham uzilishlar qayd etilgan. Karakasning Pinto-Salinos tumanida zilziladan so‘ng vayronalar ostida qolgan 3 kishi halok bo‘ldi. Shahar meri halok bo‘lganlar haqida ma’lumot berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yana 3 kishi vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Shaharning boshqa hududida esa qutqaruvchilar qulagan bino ostidan 2 kishini tirik olib chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.
Tarmoqlarda tarqalgan videolarda vayron bo‘lgan binolar orasidan bir erkak ikki kuchukni qutqarib chiqayotgani ham aks etgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining “Truth” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Vashington yordam berishga “tayyor” ekanini aytib, hukumat idoralariga “tezkorlik bilan harakat qilish”ni buyurganini qo‘shimcha qildi.
“Venesuelaning buyuk xalqini larzaga solgan ikkita kuchli zilzila juda katta ko‘lamda sodir bo‘ldi va ko‘plab insonlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. AQSH yordam berishga tayyor, buni xohlaydi va bunga qodir! Men hukumatimizning barcha idoralariga tezkor choralar ko‘rishga tayyor turish bo‘yicha ko‘rsatma berdim,” – deb yozgan Tramp.
Venesuelaning Lotin Amerikasidagi qo‘shnilari ham yordam taklif qildi. Shuningdek, El-Salvador Prezidenti Nayib Bukele uning mamlakati 50 tonna asbob-uskuna va zarur anjomlar, shuningdek, “Karakasga jo‘nab ketishga tayyor” bo‘lgan 300 nafar qutqaruvchini tayyorlab qo‘yganini ma’lum qildi. Ekvador Prezidenti Daniel Noboa Azin Venesuelaga zudlik bilan yordam yuborish choralarini ko‘rganini ma’lum qildi. Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ham uning mamlakati ushbu “bosh qardosh davlat”ga qanday yordam ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.
AQSHning sunami haqida ogohlantirish markazi dastlab Puerto-Riko, Virjiniya orollari hamda Venesuela qirg‘oqlari yaqinidagi Aruba, Kyurasao va Bonayre orollari uchun sunami xavfi haqida ogohlantirish bergan edi. Biroq, taxminan bir soatdan so‘ng bu ogohlantirish bekor qilindi. Ma’lumot uchun, Venesuela Karib dengizi va Janubiy Amerika tektonik plitalarining tutashgan qismida joylashgan bo‘lib, seysmik faol hudud hisoblanadi.
Karakasni vayronaga aylantirgan zilzilaning iqtisodiy oqibatlari ham jiddiy bo‘lishi mumkin. AQSH Geologiya xizmatining hisob-kitoblariga ko‘ra, iqtisodiy zarar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 2 foizidan 20 foizigacha yetishi mumkin.
Bu esa allaqachon iqtisodiy qiyinchiliklar va qashshoqlik bosimi ostida yashayotgan Venesuela uchun yanada og‘ir sinov bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi holatiga ko‘ra, mamlakatning 28 million aholisidan qariyb 8 millioni gumanitar yordamga muhtoj bo‘lgan.
Yaponiyada ham kuchli zilzila sodir bo‘ldi
Venesueladagi zilzilalardan so‘ng, Yaponiya shimolida ham 7,2 magnitudali zilzila qayd etildi. Sunami xavfi e’lon qilinmagan. Dastlab zilzila magnitudasi 6,9 deb baholangan edi, biroq keyinchalik bu ma’lumot qayta ko‘rib chiqilib, 7,2 ballga teng deb topildi.
Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 07:30 da Ivate prefekturasining Tinch okeani qirg‘oqlari yaqinida, 44 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan. Yer silkinishlari eng kuchli darajada Aomori prefekturasining Xasikami shahrida sezilgan. Shuningdek, zilzila Tokio shahrida ham sezilgan. Xasikami va Xatinoxe shaharlari yong‘in-qutqaruv xizmatlarining ma’lum qilishicha, o‘smirlar va 50 yoshlar atrofidagi to‘rt nafar fuqaro yengil tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Live
Barchasi