Jurnalistni “shes sekund”da sharmanda qilmoqchi bo‘lgan kim? – QALAMPIR.UZ rasmiy bayonoti

Jamiyat

image

Bundan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor city’da joylashgan ko‘p qavatli uylarning biri balkonida shaxsi noma’lum ayol va erkak ishqiy munosabati aks etgan nomaqbul video tarqatilgan edi. Oradan vaqt o‘tib, 2021 yil 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlar – Instagram, Telegram, TikTok’da yana bir video tarqaldi. Galdagi videorolikda ushbu nomaqbul video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo "QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekan" deb yoziladi va Feruza Najmiddinovaning ish jarayonidagi suratlari bilan montaj qilib, ijtimoiy tarmoqda tarqatiladi. Ushbu video qahramoni Feruza Najmiddinova ekani yolg‘on va hech qanday asosga ega emas. 

Feruza Najmiddinova oliy ma’lumotli, oilali. 2019 yildan buyon QALAMPIR.UZ internet nashrida turli lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda. U jamoada va jamiyatda, o‘quvchilar orasida tartibli, fidoiy, sadoqatli, halol jurnalist sifatida hurmat qozongan. 

F.Najmiddinovaning 2020-2021 yillardagi jurnalistik faoliyati aynan tanqidiy va tahliliy materiallar bilan bog‘liq. U odamlarni qiynayotgan masalalar haqida qo‘rqmay, xolislikka va etikaga amal qilgan holda, so‘z ochishi bilan e’tiborga tushgan. Albatta, bunday tanqidiy materiallar uchun u bir necha bor tazyiq, tahdidga, “olib tashlaysan” yoki “chiqarmaysan”, degan dag‘dag‘alarga ham uchragan.

Ayniqsa, bo‘hton video tarqatilishidan bir kun avval, 6 avgust kuni Feruza Najmiddinova QALAMPIR.UZ’da e’lon qilgan “Tashkent City” hududidagi restoranlar Respublika maxsus komissiyasi qarorini pisand qilmay, soat 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy-tahliliy reportaji orqali ayrimlarning “dumini bosdi” va bu unga nisbatan nafratni yanada oshirdi. 

Bugun biz istalgan odamni “shes sekund”da sharmanda qilish, uning ustidan istalgan vaqtda mag‘zava ag‘darib, tomosha qilib turish, obro‘sizlantirish va shu yo‘sinda alam olish oson bo‘lgan davrda yashayapmiz. Feruza Najmiddinova ekan deb tuhmat qilinayotgan videoda ayolning yuzidan uning kimligini tanib olish mumkin emas. Va ushbu videoga istalgan ayolning, aytaylik, amaldor ayollarning yoki amaldorlarning qizi, jiyani, ayoli suratini ham qo‘yib, “shunaqa ish bo‘libdi”, deb tarqatish mumkin va bu haqiqat bo‘lolmaydi. Ammo ayrim qabih niyatdagi kimsalar bir oilaning bekasi, jamiyatda va ishida o‘z obro‘-e’tiboriga ega bo‘lgan ayolga tuhmat qilish orqali, “loyni shunday otginki, o‘zi ketsa ham, izi qoladi” qabilida ish tutmoqchi bo‘lishdi. Lekin ular maqsadlariga yeta olmadilar. Xalq o‘z qahramonlarini yaxshi taniydi va ularni “shes sekund”da sharmanda qilish mumkin emas. 

Mazkur holat jinsidan qat’i nazar istalgan jurnalist bilan ro‘y berishi, ularning sha’ni ham ana shunday toptalishi mumkinligini inobatga olsak, O‘zbekistonda jurnalistlarning daxlsizligi masalasi yanada dolzarb bo‘lib borayotganini fahmlaymiz va QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova bilan bog‘liq vaziyat buning yaqqol isbotidir. 

QALAMPIR.UZ tahririyati xodimlari sha’nini hurmat qiladi va uni hamisha himoya qilib olishga tayyor. Ayni vaqtga qadar tahririyat va Bosh muharrir o‘rinbosari Feruza Najmiddinova holat bo‘yicha ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilib, ushbu bo‘hton va asoslanmagan videoni tarqatganlar topilishi, ularga nisbatan chora ko‘rilishini so‘radi. Ichki ishlar vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga oldi. 

Shuni ham ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, bu holat bugun gender tenglikni va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash haqida dunyoga yuzlanayotgan Yangi O‘zbekiston uchun alohida signal. Ayollar kasbiy faoliyati ortidan bu shaklda tahqirlanishi jamiyatda gender tenglikning buzilishiga, ayollar sohalarni tark etishiga olib keladi. Shu bois QALAMPIR.UZ Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasidan ushbu ishni nazoratga olishini so‘raydi.

Biz o‘z faoliyatimizni doimgidek davom ettiramiz va tarqalgan video Bosh muharrir o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaning QALAMPIR.UZ’dagi tanqidiy-tahliliy chiqishlariga zarracha ham to‘siq bo‘lolmasligini, aksincha, uning qalamini yanada charxlashini eslatib o‘tamiz. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2446-moddasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, yolg‘on axborot tarqatganlik shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3661

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing